Qurbon Tursunov “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalariga yoʻllanma olgan sportchilar bilan uchrashdi
2026-07-03 17:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida yoshlarning sport sohasidagi yutuqlari, ularning jismoniy tayyorgarligi, musobaqalarga puxta hozirlik koʻrish jarayonlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, sportchilarni yuqori natijalarga erishishga ruhlantirish, ularning iqtidorini yanada roʻyobga chiqarish va zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, Buxoro shahri yoshlari “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy saralash bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etib, jami 14 ta sport turi boʻyicha 42 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Mazkur natija Buxoro shahri jamoasini viloyat boʻyicha birinchi oʻringa olib chiqdi va yosh sportchilarning salohiyati hamda murabbiylar mehnatining yorqin ifodasiga aylandi.
Shahar hokimi sportchilarni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, respublika bosqichida ham Buxoro sharafini munosib himoya qilib, yuksak natijalarga erishishlariga ishonch bildirdi. Shuningdek, sportchilarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi, ularning professional mahoratini oshirish hamda ommaviy sportni yanada rivojlantirish yoʻlidagi ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida oʻtib, sportchilar oʻz fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan oʻrtoqlashdilar.









