Havzi-nav mahallasida yangi tadbirkorlik loyihasi ishga tushirildi
2026-07-02 14:50:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi Havzi-nav mahalla fuqarolar yig'inida aholi bandligini ta'minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o'z samarasini bermoqda.
Mahalladagi hokim yordamchisi hamda mahalla bankiri ko'magida "Shoxmalik" ko'chasi 39-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Zebiniso Habibovaga 110 million so'm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Mazkur moliyaviy ko'mak hisobiga yangi tadbirkorlik faoliyati yo'lga qo'yilib, bugungi kunda yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boshlandi.
Ayni paytda tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar iste'molchilarga sifatli va qulay ko'rinishda yetkazib berilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha natijasida 7 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish bilan ta'minlandi. Bu esa mahallada aholi bandligini oshirish, oilalar daromadini ko'paytirish hamda kambag'allikni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Ma'lumot uchun, Havzi-nav mahalla fuqarolar yig'inida 4 165 nafar aholi, 801 ta xonadon va 1 465 ta oila istiqomat qiladi. Mahallada tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat dasturlari doirasida joriy yil boshidan "Oilaviy tadbirkorlik" dasturi bo'yicha 330 million so'm, "Biznesga birinchi qadam" dasturi bo'yicha 85 million so'm, "Mahalla loyihasi" doirasida 500 million so'm mablag' ajratildi.
Shunday qilib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o'rinlarini yaratish uchun yil boshidan beri jami 915 million so'm miqdorida imtiyozli moliyaviy resurslar yo'naltirildi.
Buxoro shahrida "mahallabay" ishlash tizimi asosida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, aholi bandligini ta'minlash va fuqarolarning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.





