Rasmiy munosabat
2026-06-04 23:30:00 / Yangiliklar
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Buxoro shahar Mir Do‘stim ko‘chasi, 45-uyda yashovchi fuqaro Xilola Rajabova bilan “Buxoro markaziy dehqon bozori” AJ o‘rtasida 2026 yil 5 yanvar kuni bozor hududida joylashgan 8,0 kv.m maydonga ega 27 va 28-sonli savdo rastalaridan foydalanish uchun 027-sonli ijara shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnomaning 7-bo‘limi 7.1-bandiga muvofiq, savdo o‘rnida shartnomani imzolagan shaxsning o‘zi savdo faoliyatini amalga oshirishi shart bo‘lib, savdo o‘rnini uchinchi shaxslarga ikkilamchi ijaraga berish yoki ularning mazkur savdo o‘rnida faoliyat yuritishiga ruxsat berish shartnoma shartlarini jiddiy ravishda buzish hisoblanadi hamda bunday holatda shartnoma ijaraga beruvchi tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkinligi belgilangan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaro X. Rajabova tomonidan shartnoma asosida ajratilgan 27 va 28-sonli savdo o‘rinlarida shartnomani imzolamagan boshqa shaxslar savdo faoliyatini amalga oshirib kelganligi aniqlangan. Shu munosabat bilan unga 2026 yil 1 iyundagi 305-sonli ogohlantirish xati orqali 2026 yil 5 yanvarda tuzilgan 027-sonli ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganligi ma’lum qilinib, 2 kun muddat ichida savdo o‘rinlarini dalolatnoma asosida topshirish lozimligi yuzasidan rasmiy ogohlantirish berilgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida fuqaro X. Rajabova tomonidan ijara to‘lovlari ham muntazam ravishda belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi aniqlandi.
Shundan kelib chiqib, mazkur holatda ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risidagi qaror shartnoma shartlarining ijarachi tomonidan buzilganligi asosida qabul qilingan bo‘lib, savdo joyini bo‘shatish haqidagi talab amaldagi shartnoma shartlariga muvofiq yuborilgan.
