Maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar topshirildi
2026-06-25 18:30:00 / Yangiliklar

Joriy o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, shahardagi 45 ta umumta’lim maktabini jami 3 803 nafar o‘g‘il-qizlar tamomlagan bo‘lsa, shulardan 86 nafari oltin, 38 nafari esa kumush medallariga loyiq deb topilgan.
Tadbir davomida Furuz Xamroyev so‘zga chiqib, bitiruvchilarning kelgusi hayotlariga omad va zafarlar tilab, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlash joizki, joriy o‘quv yilida 383 nafar bitiruvchi o‘g‘il-qizlar muddatidan avval oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu yilgi bitiruvchilar orasidan 3 423 nafari oliy ta’lim muassasalariga onlayn tarzda hujjat topshirgan. Bu esa yoshlarimizning bilimga chanqoqligi va intiluvchanligidan dalolat beradi.
Yana bir e’tiborga molik jihat shuki, Buxoro shahar maktablari bitiruvchilaridan 36 nafar o‘quvchi viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Ushbu natijalar Buxoro shahrida ta’lim sifatining yuksalib borayotganini va o‘quvchilarning katta maqsadlar sari qat’iyat bilan intilayotganini yana bir bor isbotlamoqda.
Buxoro shahar hokimligi matbuot xizmati









