Buxoro shahrida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks tadbir o‘tkazildi
2026-06-19 18:55:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida nizoli va notinch oilalar vakillari bilan muloqot o‘tkazilib, ularning muammo va takliflari tinglandi. Suhbatlar davomida oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ma’lumki, “Ayollar daftari” 7-bosqichi doirasida xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish ishlari 5 ta toifa bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolar, tibbiy va psixologik yordamga muhtoj hamda huquqiy yordamga ehtiyoji bor xotin-qizlar qamrab olingan.
Shu munosabat bilan Buxoro shahar Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida mehnat yarmarkasi, psixologik treninglar va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Mehnat yarmarkasida shahardagi 12 ta korxona va tashkilot o‘zlarining bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, tadbir yakunida 35 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha mehnat shartnomalari imzolandi.
Tadbir davomida 560 nafar xotin-qiz uchun psixologik treninglar tashkil qilinib, ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash, hayotiy ko‘nikmalarini oshirish va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 1034 dona targ‘ibot va tarqatma materiallar aholiga yetkazildi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarga jami 650 nafar xotin-qiz jalb etildi. Ulardan 343 nafari ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar hisoblanadi. Tibbiy ko‘riklar natijasida 147 ta turli kasalliklar aniqlandi.
Shu bilan birga, tibbiy ko‘riklar natijasida ehtiyojmand deb topilgan 48 nafar xotin-qizga bepul dori-darmon vositalari tarqatildi.
Bunday tadbirlar xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash hamda oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.









