Buxoro shahridagi 34-maktab zamonaviy qiyofaga kirmoqda
2026-06-13 18:30:00 / Yangiliklar

Buxoro shahridagi 34-maktabda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari ana shunday ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir. Mazkur loyihalar aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, yosh avlod uchun qulay, xavfsiz va innovatsion ta’lim muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Maktabda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 14,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda bino ichki qismida kapital ta’mirlash ishlari jadal davom ettirilib, sinf xonalari, yo‘laklar hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari zamonaviy standartlar asosida yangilanmoqda. 1176 o‘ringa mo‘ljallangan ta’lim maskanida o‘quvchilar uchun zamonaviy infratuzilma yaratilib, ta’lim sifati va xavfsizlik talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, 120 o‘rinli oshxona, sport zali hamda faollar zali ham to‘liq modernizatsiya qilinib, yangi avlod jihozlari bilan ta’minlanmoqda. Mazkur rekonstruksiya ishlari natijasida maktabning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan innovatsion ta’lim muhiti shakllantiriladi.
Buxoro shahar hokimligi axborot xizmati





