PRESS-RELIZ
2026-05-13 14:25:00 / Press-relizlar

Buxoro shahrida joriy yilning 15–17-may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Mazkur nufuzli xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-5098-sonli qaroriga muvofiq o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi, Turizm qo‘mitasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov hamda Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov festivalning mazmun-mohiyati va tashkiliy jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanganidek, festivalning asosiy maqsadi milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, zardo‘zlik va zargarlik san’atini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda boy tarixiy-madaniy merosimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishdan iborat.
Qadimdan Sharq sivilizatsiyasining yirik madaniy markazlaridan biri sifatida e’tirof etilgan Buxoro zardo‘zlik va zargarlik maktablari bilan dunyoga mashhur. 2022-yilda Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga “Butunjahon hunarmandchilik shahri” maqomining berilgani milliy amaliy san’atimizning xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofi bo‘ldi.
Festival doirasida “Ark” qo‘rg‘oni, “Poyi Kalon” ansambli, “Labi hovuz” majmuasi va “Nodir Devonbegi” madrasasi kabi tarixiy maskanlarda qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Jumladan:
- zardo‘zlik va zargarlik mahsulotlari ko‘rgazmalari;
- milliy hunarmandchilik namoyishlari;
- xalq sayillari va konsert dasturlari;
- mahorat darslari;
- “Bukhara Fashion Days – 2026” liboslar namoyishi;
- xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar;
- simpozium va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, taniqli ijodkor Baxshillo Jumaevning “Zarrin iplar musiqasi” nomli ijodiy ko‘rgazmasi festivalning muhim madaniy voqealaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Festival doirasida 12 ta nominatsiya bo‘yicha xalqaro ko‘rik-tanlov tashkil etilib, ishtirokchilar ishlari nufuzli xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.
Ayni paytda Afrika, Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Tinch okeani mintaqasidagi 38 davlatdan 120 nafardan ortiq xorijiy mehmonlar, hunarmandlar, olimlar hamda OAV vakillari festivalda ishtirok etish istagini bildirgan. Bundan tashqari, mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 nafardan ziyod mahalliy hunarmand o‘z mahsulotlari bilan qatnashishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Respublika “Hunarmand” uyushmasi tizimida 26 mingdan ortiq a’zo va 119 mingdan ziyod shogird faoliyat yuritayotgani mamlakatimizda xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy natijasidir.
Tashkilotchilar fikricha, mazkur festival milliy madaniy merosimizni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, turizm va kreativ industriyalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilardan batafsil javob oldilar.
