Xalqaro ahamiyatga ega yo‘lda zamonaviy ko‘prik qurilmoqda
2026-06-06 11:30:00 / Yangiliklar

Mazkur strategik ahamiyatga ega loyiha doirasida mavjud asfaltobeton qoplama zamonaviy syementobeton qoplamaga almashtirilmoqda. Shuningdek, harakat xavfsizligi va transport oqimining uzluksizligini ta’minlash maqsadida 5 ta ikki sathli qayrilib olish inshooti, 11 ta piyodalar uchun yer osti tuneli hamda 4 ta yer usti piyodalar ko‘prigi qurilishi nazarda tutilgan.
Rekonstruksiya ishlari yakunlangach, mazkur avtomobil yo‘lining o‘tkazuvchanlik qobiliyati sutkasiga 9 mingta avtotransport vositasiga yetkaziladi. Bu esa xalqaro transport yo‘lagida harakat qulayligi, logistika samaradorligi va yo‘l harakati xavfsizligini yangi bosqichga olib chiqadi.
Loyiha doirasida Buxoro shahri hududidan o‘tuvchi 12 kilometr avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinib, haydovchilar va aholi uchun yanada qulay va xavfsiz harakat sharoiti yaratildi.
Shu bilan birga, 220,5 km hududida joylashgan ko‘prik inshootida qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Ayni vaqtda ko‘prikning chap tomon qismidagi ishlar to‘liq yakunlanib, o‘ng tomonida qurilish jarayonlari olib borilmoqda. Hozirda ko‘prikning ustki qismida himoyalovchi qatlam barpo etilib, keyingi bosqichda asfaltobeton qoplama yotqizish ishlari amalga oshiriladi. Mazkur ishlar qisqa muddat ichida to‘liq yakunlanib, ko‘prik foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu keng ko‘lamli infratuzilma loyihasi mamlakatimiz transport tarmog‘ini modernizatsiya qilish, xalqaro tranzit salohiyatini oshirish hamda hududlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.









