Buxoro mahallalarida obodonlashtirish ishlari jadallashtiriladi
2026-06-05 10:30:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda hokim o'rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilari, shuningdek, mahallalardagi “yettilik” tizimi vakillari ishtirok etdi. Unda hududlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, tungi yoritish tizimlarini yaxshilash, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish hamda umumiy sanitariya-epidemiologik muhitni barqaror saqlash borasidagi ishlar tanqidiy-tahliliy qilindi.
Shahar hokimi tomonidan ayrim mahallalarda obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi sust olib borilayotgani, mavjud muammolarni bartaraf etishda tashabbus va mas’uliyat yetishmayotgani keskin tanqid qilindi. Ayniqsa, hududlarda aholi murojaatlari bilan ishlash, ko‘cha va yo‘laklarni tartibga keltirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish hamda ijtimoiy muhitni yaxshilash masalalarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilish davomida vazifalar ijrosiga loqayd yondashgan, o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni yetarli darajada bajarmagan ayrim mahalla “yettiligi” vakillariga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Mutasaddilarga kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, har bir hudud kesimida aniq “yo‘l xaritalari” asosida ishlash hamda ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, hududlarning investitsion va turistik salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi loyihalarni jadallashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, shahar hududlarini obod va zamonaviy qiyofaga keltirish, aholining turmush sifatini yaxshilash hamda har bir mahallada tizimli va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.









