Buxoroda “Media haftalik” tadbirlari boshlandi
2026-05-12 14:50:00 / Yangiliklar

Internet va bosma nashrlar, televideniye va radio jurnalistlari, davlat idoralari matbuot kotiblari, blogerlar hamda mobilograflar ishtirok etayotgan haftalik doirasida malakali ekspertlar tomonidan zamonaviy media olamining dolzarb yo‘nalishlari haqida ma’lumotlar berilib, amaliy bilim va tajriba almashishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Haftalikning tantanali ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, Buxoro – asrlar davomida ilm-ma’rifat markazi sifatida shakllangan, buyuk allomalar yetishib chiqqan maskan. Bugun esa u nafaqat tarixiy merosi, balki uni zamonaviy, vizual va sifatli kontent orqali jahon auditoriyasiga yetkazishga intilayotgan ijodkorlari bilan ajralib turadi. Aynan shu jihat “Media haftalik”ning Buxorodagi bosqichiga alohida mazmun va chuqurlik bag‘ishlaydi.
“Media haftalik” Buxoroda nafaqat bilim almashish maydoni, balki fikrlar to‘qnashadigan, yangi g‘oyalar shakllanadigan va hamkorlik aloqalari mustahkamlanadigan muhitga aylanishi kutilmoqda. Ushbu bosqich orqali hududda axborot bilan ishlash madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish, media sohasida raqobatbardosh va zamonga mos kontent yaratuvchilar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida tashkil etilayotgan treninglarda ishtirokchilar islohotlarning turli yo‘nalishlarini yoritishda yangi yondashuvlar bilan tanishmoqda. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni tahliliy va ta’sirchan shaklda yoritish, siyosiy mavzularni keng ommaga tushunarli tarzda yetkazish, media kontentni tayyorlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, media xavfsizlik, raqamli gigiyena, sun’iy intellekt davrida axborot maydonini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar bugungi global tahdidlarga qarshi samarali javob topishga xizmat qilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, yirik siyosiy tadbirlarni yoritishda tahlil va mas’uliyat masalalariga bag‘ishlangan darslar jurnalistlarning jamiyat oldidagi rolini yanada kuchaytiradi. Chunki bugungi kunda OAV nafaqat axborot tarqatuvchi, balki jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiruvchi muhim institutga aylangan.
Buxorodagi Media haftalik ana shu jihatlari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlash, jurnalistikaning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishiga turtki berishga xizmat qiladi. Haftalik yakuniga qadar ishtirokchilar olgan bilim va ko‘nikmalar kelgusida yurtimizda ochiq, professional va mas’uliyatli media muhitini shakllantirishga hissa qo‘shishi, shubhasiz.
Media haftalik 15-may kuni yakunlanadi.









