Bozorda qonuniylik — asosiy mezon
2026-04-25 10:30:00 / Yangiliklar

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun Buxoro shahrida amaliy o‘rganish ishlari olib borildi. Xususan, Buxoro shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug'bek Zadayev hamda shahar soliq inspeksiyasi rahbari Anvar G'afurov boshchiligida ishchi guruh tomonidan Markaziy dehqon bozorida monitoring o‘tkazildi.
O‘rganish jarayonida xufiyona iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish maqsadida bozor hududi to‘liq qayta xatlovdan o‘tkazilib, savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan subyektlarning huquqiy maqomi chuqur tahlil qilindi. Jumladan, tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomalari, faoliyat yuritish uchun zarur ruxsatnomalari hamda QR-kod orqali identifikatsiya qilinuvchi ma’lumotlarining mavjudligi va haqqoniyligi qat’iy nazorat qilindi.
Shuningdek, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish, fiskal intizomni mustahkamlash, soliq bazasini kengaytirish hamda noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berilib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur tadbirlar xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda qonuniy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.









