Mehnat yarmarkasi o'tkazildi
2026-04-23 13:45:00 / Yangiliklar

Mazkur yarmarkada viloyat bo‘yicha ming nafarga yaqin ishsiz fuqarolar, ayniqsa yoshlar va kasb-hunar egallash istagidagi ish izlovchilar faol ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar bevosita ishlab chiqarish hududiga kirib, korxonaning texnologik jarayonlari, zamonaviy uskunalari hamda mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu esa ularga kelajakdagi ish faoliyati haqida aniq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.
Yarmarka jarayonida ish beruvchi va ish izlovchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yildi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat shartlari, ijtimoiy paketlar va kasbiy rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Natijada 500 nafarga yaqin fuqarolar ishga joylashish maqsadida dastlabki saralash bosqichi sifatida anketa so‘rovlaridan o‘tkazildi.
Tadbirda Buxoro shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Zadayev ham ishtirok etib, yarmarka jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Bunday amaliy tadbirlar aholi bandligini oshirish, ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etish ta’kidlandi.
Mazkur mehnat yarmarkasi ish izlovchilar uchun nafaqat bo‘sh ish o‘rinlariga ega bo‘lish, balki zamonaviy sanoat muhitini ko‘zdan kechirish, o‘z kasbiy yo‘nalishini aniq belgilash imkonini ham yaratdi.









