Qurbon Tursunov texnikum yoshlari bilan muloqot qildi
2026-04-02 13:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tashabbus doirasida Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida bo'ldi. Hokim texnikumda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlarining tashkil etilishi, zamonaviy ta’lim uslublari hamda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2025–2026-o‘quv yilida texnikumning 1-kursiga 804 nafar, 2-kursiga esa 516 nafar o‘quvchilar qabul qilingan. Hozirgi kunda esa 368 nafar o‘quvchiga 60 nafar malakali pedagog kadrlar tomonidan sifatli ta’lim-tarbiya berib kelinmoqda. Bu esa ta’lim muassasasida o‘quv jarayonlari samarali tashkil etilganidan dalolat beradi. Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan Angliya davlatining “Pearson Education Limited” va “Germaniya tibbiyot akademiyasining Globagette Copcert AG” o’quv kompaniyalari bilan hamkorlikda qo’shma ta’lim dasturlari asosida “Hamshiralik ishi” va “Davolash ishi” yo’nalishlari bo’yicha tizimi joriy qilingan.
Shuningdek, "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi doirasida ochiq va samimiy muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, taklif va muammolari tinglandi. Har bir murojaat e’tibor bilan ko‘rib chiqilib, tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi hamda ularni ijobiy hal etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.
Bunday uchrashuvlar yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakda yetuk mutaxassislar etib voyaga yetishlariga mustahkam zamin yaratishda muhim o‘rin tutadi.









