“Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalariga start berildi
2026-03-24 10:30:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Sport vaziri Adxam Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, sportchi yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Videokonfrens aloqa tarzda tashkil qilingan tadbirda 14 ta hudud, 208 ta shahar tumanlar onlayn ishtirik etishdi. Tadbirda so'z olganlar Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur nufuzli musobaqa yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtidorli va istiqbolli sportchilarni saralab olish hamda kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan chempionlarni tarbiyalashga xizmat qilishini alohida ta'kidlashdi.
Shundan so'ng ramziy tugma bosilib, nufuzli sport musobaqasiga start berildi.
2026-yilgi mavsum doirasidagi musobaqalar 13–14 yoshli sportchilar, badiiy gimnastika sport turi bo‘yicha esa 11–12 yoshli qizlar o‘rtasida tashkil etiladi. Bellashuvlar 21 ta Olimpiya sport turi bo‘yicha 205 ta dastur asosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur musobaqalar yosh sportchilar uchun katta imkoniyatlar maydoni bo‘lib, ular orqali yangi iste’dod egalari kashf etilishi, kelajak Olimpiada chempionlari shakllanishi kutilmoqda.
Ma'lumot o'rnida, musobaqalar an’anaviy tarzda uch bosqichda tashkil etiladi. 1-bosqich — “Tuman va shahar hokimi Olimpiadasi”. Mazkur bosqich mart–aprel oylarida o‘tkazilib, 13 ta sport turi bo‘yicha tashkil etiladi. 2-bosqich — “Hokim Olimpiadasi”. May–iyun oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu bosqichda 19 ta sport turi bo‘yicha eng kuchlilar aniqlanadi. 3-bosqich — “Prezident Olimpiadasi”. Musobaqalarning final bosqichi hisoblanib, unda saralash bosqichlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan eng iqtidorli sportchilar 21 ta Olimpiya sport turi bo‘yicha o‘zaro bahs olib boradilar.
Bugun Buxoro shahar hokimi olimpiadasi dzyudo sport turi bilan boshlanadi.









