Buxoroda zargarlik klasteri o'z faoliyatini boshladi
2026-02-19 12:35:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 iyulda qabul qilingan “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon ijrosi doirasida amalga oshirildi. Farmonga muvofiq, 2024–2026 yillarda "O‘zmilliybank" AJ ishtirokida hududlarda zamonaviy zargarlik markazlarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 18 sentyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Dasturga asosan, zargarlik markazi Buxoro shahri Islom Karimov ko‘chasi, 31-uy manzilida joylashgan binoda tashkil etildi. Loyiha qiymati 38 mlrd so‘mni tashkil etib, uni amalga oshirishda “NBU Jewelry Group” MCHJ hamda turkiyalik investorlar hamkor “ELLA Jewellry” korxonasi faol ishtirok etdi.
Yillik 300 kilogrammgacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu markazda 100 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Loyiha doirasida yillik byudjetga 2,5 mlrd so‘m soliq tushumlari ta’minlanishi kutilmoqda.
Markaz joylashgan bino “NBU Jewelry Group” MCHJ tomonidan 2024 yil 16 dekabr kuni auksion orqali xarid qilindi. Keyinchalik “EVEREST BUILDING ENGINEERING” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan bino zargarlik markazi talablariga to‘liq mos holda kapital ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, investorlar tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar to‘liq olib kelinib, binodagi ikkinchi qavatga joylashtirildi va ishlab chiqarish jarayonini boshlashga to‘la tayyor holatga keltirildi.
Ochilish marosimida "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Nodir Miraxmedov, Buxoro viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Husniddin Gʻoyirov, shuningdek, turkiyalik investorlar so‘zga chiqib, ushbu klaster nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki milliy zargarlik sanoatining eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shundan so‘ng muhmonlar markazdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi
Buxoro zargarlik klasteri qadimiy hunarmandchilik an’analari va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘lib, u hudud sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.







