Hunarli ayol — farovon oila, barqaror mahalla demakdir
2026-02-14 13:20:00 / Yangiliklar

Jumladan, “Havzi-nav” MFYda istiqomat qiluvchi Shoira Shodiyeva ayollar daftarining ishsizlik toifasiga kiritilgan bo‘lib, Monomarkaz orqali pishiriqchilik kurslariga yo‘naltirildi. Natijada u 17 mln so‘m imtiyozli kredit olib, pishiriqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u nafaqat o‘zini daromad bilan ta’minlab kelmoqda, balki “usto–shogird” an’anasi asosida ikki nafar yoshni kasbga o‘rgatib, ularning bandligini ham ta’minladi. Hozirda uning oylik daromadi o‘rtacha 3 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Shuningdek, Charmgaron ko‘chasida istiqomat qiluvchi Marjona Umarova 17 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan ko‘rpado‘zlik faoliyatini boshladi. U ko‘rpa, ko‘rpacha, yostiqlar hamda mato qirqimlaridan turli xil to‘shamalar tayyorlab, buyurtmalar asosida mahsulot yetkazib bermoqda. Hozirda u ikki nafar shogirdi bilan birgalikda faoliyat yuritib kelmoqda oylik daromadi ham yaxshigina.
Ahmad Borband ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramasdan mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turadigan Gulrux Komilova ham tadbirkorlik faoliyatini kengaytirdi. Ilgari pishiriqchilik bilan shug‘ullanib kelgan Gulrux 15 mln so‘m imtiyozli kredit olib, yangi yo‘nalish — gips va shamlardan suvenirlar, gullar, oshxona idishlari hamda stol chiroqlari tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda u uch nafar shogirdi bilan birgalikda ishlab, oyiga o‘rtacha 4 mln so‘m daromad topmoqda.
Oliya Shukurova esa 100 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari asosida tikuvchilik faoliyatini yanada kengaytirdi. U milliy xalatlar, vishivkalar, patdo‘zlik buyumlari, sumkalar, yelpig‘ichlar, so‘zanilar va aplikatsiya asosida kelin sarpolari tikishni yo‘lga qo‘yib, 12 nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta’minladi. Hozirda uning oylik daromadi taxminan 6 mln so‘mni tashkil qilmoqda.
Bundan tashqari, Axmad Borband ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nargiza Bozorova subsidiya asosida tikuvchilik mashinkasi olib berilib, uning mustaqil faoliyat boshlashiga ko‘maklashildi. Bugungi kunda u ijara va sherikchilik asosida ish yuritib, 33 mln so‘m imtiyozli kredit orqali faoliyatini kengaytirdi. Kelin sarpolari, elita pardalar va milliy nimchalar tikish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor to‘rt nafar shogirdi bilan birgalikda mehnat qilib, oyiga o‘rtacha 5 mln so‘m daromad olmoqda.
Ushbu misollar mahallada aholini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali barqaror bandlik va daromad manbalarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganidan dalolatdir.
