“Ishbilarmon ayol–2026”
2026-02-13 19:35:00 / Yangiliklar

Loyiha doirasida “Ko‘kaldosh” MFYda mahalla saralash bosqichi o‘tkazildi. Unda mahallada faol mehnat qilib, tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirayotgan ishbilarmon ayollar o‘z faoliyatlari, yutuqlari va tajribalari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, oilaviy rassomchilik va minatyurachilik, milliy kiyimlar tikish, bolalar kiyimlari ishlab chiqarish, kulolchilik kabi yo‘nalishlarda samarali ish olib borayotgan xotin-qizlar e’tirof etildi.
Ayniqsa, “usto–shogird” an’analari asosida yosh qizlarga kasb-hunar o‘rgatib, ularni mehnatga jalb etib kelayotgan tadbirkor ayollar faoliyati tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida qayd etildi. Bu tashabbuslar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va mahallada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda mahallada kichik va o‘rta tadbirkorlikning rivojlanishi natijasida aholi turmush darajasi yaxshilanib, oilalar daromadi oshib bormoqda. Xotin-qizlarimiz o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etib, oila farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Tadbir yakunida ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha tashakkurnomalar bilan taqdirlanib, ularning faoliyatiga yuksak baho berildi.
