"Markaziy dehqon bozori" AJ to‘liq raqamlashtirilmoqda
2026-02-07 13:05:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun “Markaziy Dehqon bozori”da kirish va chiqish joylari 4 tani, avtoturargoh 6 tani tashkil qiladi. Turg‘un (stasionar) do‘kon va pavilonlar soni 1600 tani, jumladan, buyum bozori 490 ta, ozik-ovkat bozori 138 ta, umumiy ovkatlanish shoxobchalari 30 ta, yul yekasi 40 ta hamda P M K 67 ta mavjud.
O‘rganish jarayonida, savdo rastalarida joriy etilayotgan onlayn to‘lov tizimlari, jumladan, bank va to‘lov servislari orqali amalga oshirilayotgan QR-kodli stiker asosidagi naqdsiz to‘lov vositalarini tarqatish, o‘rnatish hamda ulardan samarali foydalanish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Mazkur raqamli yechimlar orqali to‘lov jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyotining oldini olish, hisob-kitoblarni soddalashtirish hamda iste’molchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsad qilingan.
Shuningdek, bozor ma’muriyati va mas’ul tashkilotlar vakillari bilan suhbat o‘tkazilib, raqamlashtirish jarayonlarida uchrayotgan muammolar, texnik ta’minot, internet aloqasi sifatini yaxshilash, tadbirkorlar va savdogarlar o‘rtasida raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu borada amaliyotdagi tajribalarni tizimli yo‘lga qo‘yish va foydalanuvchilarga tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Buxoro shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Zadayev ushbu ilg‘or tajribani shahar hududidagi boshqa bozorlar va savdo majmualarida ham jadal joriy etish, naqdsiz to‘lov infratuzilmasini kengaytirish, raqamli xizmatlar qamrovini oshirish hamda belgilangan muddatlarda jarayonlarni to‘liq yakunlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. Ushbu ishlar aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, zamonaviy raqamli iqtisodiyot talablariga mos muhitni shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.









