“Karvon” savdo kompleksida tartib va obodonlashtirish ishlari kuchaytirilmoqda
2026-01-14 17:30:00 / Yangiliklar

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Karvon savdo kompleksi” MCHJda jami 8 ta kirish-chiqish joyi hamda 2 ta avtoturargoh mavjud. Savdo majmuasida jami 766 ta turg‘un (stasionar) do‘kon va pavilonlar faoliyat yuritmoqda. Shundan 284 tasi do‘konlar, 522 tasi pavilonlar hisoblanadi. Shuningdek, majmua hududida 12 ta umumiy ovqatlanish shaxobchasi, 10 ta oziq-ovqat do‘koni, 16 ta maishiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxobcha hamda 7 ta zargarlik do‘koni mavjud.
O‘rganishlar jarayonida Qurbon Tursunov obodonlashtirish ishlarining holati, savdo qoidalariga rioya etilishi, sanitariya talablari va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, noqonuniy savdo nuqtalarini bartaraf etish, kirish-chiqish joylarini bo‘sh holda saqlash va avtoturargohlardan samarali foydalanish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirkorlar va savdo sub’yektlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda xaridorlar uchun qulayliklarni oshirish, savdo madaniyatini yuksaltirish hamda tartib-intizomni ta’minlash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Obodonlashtirish va tartibga solish ishlari belgilangan reja asosida izchil davom ettirilishi qayd etildi.









