Buxoro shahrida yangi dzyudo sport zali foydalanishga topshirildi
2026-01-14 16:10:00 / Yangiliklar

Ana shunday tashabbuslar doirasida Buxoro shahar 2-son sport maktabi hududida barpo etilgan zamonaviy dzyudo sport zalining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va sportchi yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so'zga chiqqan viloyat rahbari yangi inshoot bilan barchani qutlab, erishilayotgan yuqorri marralar tag zamirida yurtimizda sportga qaratilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik ekanini ta'kidladi. Shundan so'ng ramziy lenta kesilib, mehmonlar sport zalida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Mazkur sport inshooti 1 milliard 850 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilib, yoshlarimiz uchun barcha zamonaviy talablar hamda xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan sharoitlar bilan ta’minlandi. Endilikda mahalla yoshlari dzyudo sport turi bilan shug'ullanishi uchun uzoq masofa bosib yurishlari shart emas. Bu o'z navbatida ota-onalar uchun ham qulay.
Ma'lumot o'rnida, bugungi kunda sport maktabida 71 nafar malakali trener faoliyat yuritib, ular qo'l ostida jami 2 159 nafar sportchi, jumladan 436 nafar qizlar muntazam mashg‘ulot olib bormoqda. Maktabda 27 ta sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan. Sportchilarning mehnati va fidoyiligi yuqori natijalar bilan o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, 2025-yil davomida sport maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan jami 520 ta medal qo‘lga kiritildi. Shuningdek, 178 nafar sportchi sport razryadlariga ega bo‘ldi, 6 nafar sportchi esa faxrli sport unvonlarini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, sport maktabining iqtidorli sportchilari “Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining Respublika bosqichida munosib ishtirok etib, Buxoro sport maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Bugungacha erishilgan yutuqlar shuni ko‘rsatadiki, sportchilar shijoat bilan g‘alabalarga erishmoqda. Foydalanishga topshirilgan ushbu zamonaviy sport majmuasidagi qulay sharoitlar esa yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi.









