“Havzi-Nav” mahallasida xotin-qizlar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2025-12-26 17:00:00 / Yangiliklar

Mahallada tashabbuskor va mehnatsevar xotin-qizlar ko‘p bo‘lib, Feruza Nasriddinova shular jumlasidandir. U “Ishga marhamat” monomarkazining tikuvchilik yo‘nalishida tahsil olib, o‘z hunariga ega bo‘ldi. Dastlab subsidiya asosida tikuvchilik mashinasi va overlo ajratilib, o‘z xonadonida mehnat faoliyatini boshlashiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan ayolning tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, davlat tomonidan 17 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Eng quvonarlisi, faoliyat natijasida yana 3 nafar ishsiz xotin-qiz ish bilan ta’minlanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Kredit mablag‘lari asosida faoliyatini yanada kengaytirgan Feruza Nasriddinova “WILDBERRIES” kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, erkaklar ko‘ylaklari, futbolkalar hamda bolalar pijamalarini tikishni yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad barqaror bo‘lib, ishchilarga mehnatiga yarasha munosib ish haqi to‘lanmoqda. Bir oyda 500 tagacha turli xil kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani uning mehnatsevarligi va hunarining samarasidir.
Birgina ko‘rsatilgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash natijasida mahalladagi 4 nafar xotin-qiz oilaviy farovonlikka erishib, jamiyatda munosib o‘rin egallamoqda.






