Qurbon Tursunov yoshlar bilan muloqot qildi
2025-12-18 15:05:00 / Yangiliklar
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov Yoshlik mahallasida 13 nafar yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ochiq muloqot ruhida tashkil etilgan uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning bugungi kundagi muammo va ehtiyojlarini bevosita joyida o‘rganish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bandlik, kasb-hunar o‘rganish, ta’lim olish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kredit rasmiylashtirishga oid masalalar ko‘tarildi. Hokim har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, yoshlarning faol va tashabbuskor bo‘lishi jamiyat taraqqiyotining muhim omili ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari va mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bildirilgan muammo va takliflar yuzasidan tegishli soha mas’ullariga aniq topshiriqlar yuklatilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinishi qayd etildi.









