Qurbon Tursunov xorijdagi yoshlar bilan onlayn muloqot qildi
2025-12-09 17:30:00 / Yangiliklar
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov chet elda tahsil olayotgan va mehnat migratsiyasida bo‘lib turgan yoshlar bilan onlayn muloqot qildi. Muloqot davomida hokim yoshlarning bugungi turmush sharoiti, mehnat faoliyati, duch kelayotgan muammolari hamda kelajak rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvda qatnashgan yoshlar yashash va ishlash jarayonida uchrayotgan ayrim qiyinchiliklar, huquqiy masalalar, kasbiy rivojlanish bo‘yicha takliflarini bildirdilar. Hokim esa ularning murojaatlarini tinglab, mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Qurbon Tursunov xorijdagi yoshlarga mamlakatda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha kasb o‘qishlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, yurtga qaytishni istagan yoshlar uchun zarur ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Onlayn muloqot samimiy va ochiq ruhda o‘tdi. Yoshlarga doimiy aloqada bo‘lish, ular bilan muntazam fikr almashib borish bo‘yicha kelishib olindi.








