"Sobir Rahimov" mahallasida mohir hunarmandlar faoliyat yuritmoqda
2025-12-03 10:55:00 / Yangiliklar

Shunday mohir hunarmandlardan biri — Mahfuza Sattorova. U o‘zining halol mehnati va qat’iyati bilan kasbini san’at darajasiga ko‘targan inson sifatida tanilgan. Buxoro shahridagi “Sobir Rahimov” mahallasida yashovchi mohir hunarmand davlat tomonidan ajratilgan 33 million so‘mlik imtiyozli kredit hisobiga tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ishini puxta yo‘lga qo‘ygach, mijozlar doirasi kengayib, unga qo‘shimcha ravishda 67 million so‘mlik kredit ham ajratildi. Natijada tikuvchilik faoliyati kengayib, zamonaviy sharoitlar yaratildi.
Bugungi kunda Mahfuza Sattorovaga tegishli tikuvchilik maskanida 10 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ularning bandligi muntazam ta’minlab kelinmoqda. Shuningdek, u 4 nafar shogirdiga hunar sir-asrorlarini o‘rgatib, kelajak tikuvchilarini tarbiyalamoqda. Ta’kidlash joizki, u faoliyatini turmush o‘rtog‘i Azim Ja’farov bilan birga olib boradi. Ular yaratgan liboslar nafisligi, did bilan bezatilgani va sifatli ishlangani sabab nafaqat shahrimiz ayollari, balki xorijlik xaridorlar orasida ham yuqori e’tibor qozongan. Ayrim maxsus buyurtmalar hatto 200–300 AQSH dollari qiymatida tayyorlanadi. Oylik sof daromadi bir oilaning to‘liq farovonligini ta’minlashga yetarli bo‘lib, ishchilarga 4–5 million so‘m miqdorida oylik maosh to‘lanadi.
“Sobir Rahimov” mahallasi hunarmandchilik va tadbirkorlik rivoj topgan hududlardan biri bo‘lib, bu yerda 6050 nafar aholi, 1720 ta xonadon hamda 1850 ta oila istiqomat qiladi. Mahalla rivojining asosiy yo‘nalishlari — xizmat ko‘rsatish va savdo. Mahfuza Sattorova esa o‘z mehnati, tashabbusi va dadilligi bilan hudud taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol tadbirkorlardan biridir. Eng quvonarlisi, u yana qo‘shimcha kredit olib, faoliyatini yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni maqsad qilgan.



