Sabohat Bozorova tomorqasidan yaxshigina foyda olmoqda
2025-11-20 15:45:00 / Yangiliklar

Sabohat Bozorova oilaviy farovonlikka erishish, o‘z mehnati bilan barqaror daromad topish maqsadida issiqxona tashkil etishni niyat qilgan. Ushbu ezgu tashabbusni amalga oshirishda davlat tomonidan ko‘rsatilgan ko‘plab yordamlar unga muhim tayanch bo‘ldi.
Avvalo, tadbirkorning qizi Nilufar Muhitdinova kambag‘allik reyestriga kiritilib, oilaga 30 sotix yer maydoni, shuningdek, Nilufar Muhitdinovaning turmush o‘rtog‘iga 33 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Yana bir katta ko‘mak sifatida oilaga zamonaviy issiqxona qurib berildi. Ushbu imkoniyatlar oila a’zolarining bandligini ta’minlash barobarida, ularni muntazam daromadga ega bo‘lgan tadbirkor oilaga aylantirdi.
—Issiqxonamizda ilk bor pomidor yetishtirdik va juda yaxshi daromad oldik. Hosilni yig‘ib olganimizdan so‘ng bodring parvarishiga kirishdik. Mehnat qilganning mehnati zoye ketmas ekan, barakasi bo‘larkan”, — deydi mehnatkash ayol.
Bugungi kunda issiqxonada bodring yetishtirish davom ettirilmoqda. Buning natijasida har oyda 4 million so‘mdan ortiq sof foyda olinmoqda. Yetishtirilayotgan mahsulotlarning bozori chaqqon bo‘lib, mahalladan ortmayapti.
Sabohat Bozorova misolida ko‘rish mumkinki, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar bitta maqsadga — aholi bandligini ta’minlash, oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi va farovon hayot sari yo‘l ochishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 19-noyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Buxoro shahri ishsizlik darajasi 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgani qayd etilgandi.









