Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025-11-06 15:15:00 / Yangiliklar

Bayram tadbirida shahar tibbiyot birlashmasi, shifoxonalar, poliklinikalar, tez tibbiy yordam bo‘limlari va boshqa tibbiyot muassasalari vakillari, soha faxriylari hamda yosh mutaxassislar ishtirok etdilar.
Feruz Hamroyey o‘z chiqishida tibbiyot xodimlarining inson salomatligini asrash yo‘lidagi fidoyiligi, yuksak mas’uliyati va xalqimiz farovonligiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi.
“Bugun sizlarning mehnatingiz tufayli ko‘plab insonlar hayoti saqlanmoqda, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida katta natijalarga erishilmoqda. Har bir tibbiyot xodimining sharafli va mas’uliyatli mehnati e’tirofga loyiq”, — dedi shahar hokimi o‘rinbosari o‘z nutqida.
Tadbir davomida o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan, kasbiy mahorati va insoniy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan bir qator tibbiyot xodimlari faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, tadbirda shahar madaniyat bo'limi tomonidan tayyorlangan bayram konsert dasturi namoyish etilib, tibbiyot xodimlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.









