Vobkent: Hajuvondagi korxona ishlab chiqarish quvvatini 60 tonnaga yetkazmoqda
2025-04-12 16:55:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib Xajuvonda 20 dan ortiq tadbirkorlik subyekti oʻz tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish bilan birga ishlab chiqarishni kengaytirib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish va moddiy manfaatdorlikni oshirish harakatida.
—Mahallamizda oʻtgan yili oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 121 nafar fuqaroga 2 milliard 881 million soʻm imtiyozli tartibdagi bank kredit sarmoyasi ajratilgan boʻlsa, birgina asalarichilik tarmogʻini yuritishi uchun 21 nafar tashabbuskorga qiymati 615 million soʻm bank kredit mablagʻi rasmiylashtirilgan,—deydi hokimning mahalladagi yordamchisi Gʻayrat Ostonov.—Xuddi shunday, 10 ta issiqxonachilik yoʻnalishidagi tashabbuskorlar loyihasi uchun 159 million soʻm, parrandachilikni rivojlantirishda 3 ta loyihaga 352 million soʻm, tikuvchilikka layoqati boʻlgan 23 nafar chevarni zarur uskuna—tikuv mashinasi bilan taʼminlash uchun 162 million soʻm, xizmat koʻrsatish tarmogʻidagi 46 ta tashabbusli loyihaga qiymati 1 milliard 956 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish loyihasi bilan chiqqan 4 nafar tashabbuskorga umumiy 96,3 million soʻm, yana talabgorlarga qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridi uchun 235 million soʻmga teng bank kredit sarmoyalari ajratilib berilgani natijasida jami 121 nafar hajuvonlik fuqaroga daromad manbai yaratilgan.
Aynan hajuvonliklarda “Best basheliy indust entry” xususiy korxonasi mana, oʻn yildirki, soda tuzlarini qayta ishlab, qadoqlab, ularni mahalliy va qoʻshni viloyat bozorlariga, soda va sovun ishlab chiqaradigan zavodlarga uzluksiz yetkazib bermoqda. Xususiy korxonada hozirda 12 nafar fuqaro ish bilan taʼminlagan boʻlib, bir kunda ular kuchi va maxsus texnikalar vositasida 60 tonnagacha soda tuzi qayta ishlanmoqda. Holbuki, bu miqdor joriy yil boshigacha 30 tonnani tashkil etayotgandi.
—Xom ashyo—ishlov berilmagan texnik tuz mahsulotini asosan Qoraqalpogʻistonning Nukus hamda viloyatimizning Olot tumanidagi taʼminotchilardan xarid qilmoqdamiz,—deydi korxona ish yurituvchisi Ziyodulla Qarshiyev.—Ishimiz qiyin emas. Ogʻir ishlarni maxsus texnika va uskunalar bajarsa, qoʻl mehnati orqali ishchilarimiz saralash va qadoqlash ishlarini bajarishadi. Muhimi, tayyor mahsulot buyurtma asosida xaridorlarga yetkazilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, “Best basheliy indust entry” xususiy korxonasining hudud iqtisodiy rivojlanishida oʻz oʻrni bor.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati