Qorakoʻl: Zokirovlar tomorqasida pomidor hosili pishib yetilmoqda
2025-04-11 23:10:00 / Yangiliklar

Buni hududdagi aholi xonadonlari, xususan, kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar aʼzolari bandligini taʼminlash, ishbilarmonlikka jalb qilishda, uddaburon, gʻayrat-shijoatli uy xoʻjaliklari safi kengayayotgani, ishsiz fuqarolarni hovlisidagi tomorqadan samarali foydalanish tajribasini shakllantirishda ham koʻrish mumkin. Bugun ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik sohalarida oqilona mehnat qilayotganlar ekin yeri-tomorqasini ham daromad manbai deb bilishayotgani ayni muddao.
"Qorakoʻl" mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Zokirovlar oilasi ham bir necha yildirki, hovlisi etagidagi ekin yerida issiqxona barpo etgan, yilning toʻrt faslida dehqonchilik bilan shugʻullanib, tomorqadan barakali hosil olish hadisini oʻzlashtirganlardan.
Bugunga kelib Mansur Zokirov oilasi bilan ishlab, daromad olayotgan issiqxonasi maydonini 8 sotixga kengaytirgan. Xonadon egasi bu issiqxonada oʻtgan yil mobaynida pomidor, bulgʻor qalampiri, yana "toʻqsonbosti" usulidagi mahsulotlar, koʻkatlar yetishtirib, yaxshigina daromadga erishgan. Joriy yil boshidan xonadonda issiqxonani obod qilishib, unga "Alamina" naviga mansub pomidor koʻchatlari oʻtqazilib, parvarishlab kelishmoqda.
— Shu kunlarda issiqxonamizdagi 4 ming tup pomidor koʻchatlari hosil tugib, hosil pishib yetilmoqda. Nasib etsa, uch oylik mehnatdan soʻng 9 tonnadan oshirib hosil olish harakatidamiz,—deydi mirishkor xonadon sohibi Mansur Zokirov.—Buni bozor narxida hisob-kitob qilsak, qoʻlga kiritilishi kutilayotgan daromadimiz 60 million soʻmdan kam emas. Oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumida ekin yerimizda uch marta hosil yetishtirib, bozorbop mahsulotimiz sotuvidan 150 million soʻm daromadga erishgan boʻlsak, joriy yil yakunigacha bu foydani 200 million soʻmga yetkazish uchun astoydil ishlayapmiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati