Asosiy kontentga o'tish

Olot: Roʻziyevlar tomorqasida kartoshka pishib yetildi

2025-04-11 14:45:00 / Yangiliklar

Olot tumani mahalla va qishloqlari, jumladan, "Qumkashon" MFY da ham tomorqachilik madaniyati shakllangan, oʻnlab xonadonlardagi mavjud ekin yerida mavsumiy sabzavot-poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlardan moʻl hosil olib kelinadi. Aynan Shoʻrkashon qishlogʻida istiqomat qilayotgan mirishkorlardan Anvar Roʻziyev ham oʻtgan yillarda mahalla masʼullari yordamida kredit mablagʻini rasmiylashtirib olib, 10 sotix yer maydonida issiqxona barpo qilgandi. Oila aʼzolari unda peshma-pesh sabzavot mahsulotlari, shu kunlarda esa kartoshka yetishtirib, ham oʻzlari, ham qishloqdoshlar ehtiyojini qondirmoqdalar.

— Biz tomorqamiz orqali, avvalo, oilamiz ehtiyojini qondirishga, undan keyin ortganini mahalladoshlarga sotishga harakat qilib kelamiz. Aslida, xoʻjaligimiz daromadi faqat issiqxona yoki tomorqa yerimizdan emas, har birimiz oʻz kasb-korimiz bilan bandmiz, ammo ishdan boʻsh paytimizda albatta, tomorqada ishlab, roʻzgʻorga qarashishga vaqt topamiz,—deydi mirishkor xonadon sohibi Anvar Roʻziyev.—Bu qoʻshimcha daromaddan roʻzgʻor ham, koʻnglimiz ham toʻq. Masalan, joriy yil boshida yer tayyorlab, oila aʼzolarimiz bilan takroran foydalanish maqsadida kartoshkaning "luizana" naviga mansub urugʻligidan ekib yaxshi hosil olayapmiz. 

Umumiy uch oyda yetilib tayyor boʻlgan kartoshkadan oʻrtacha 140 sentnerdan, yaʼni 10 sotix yerdan 2 tonnadan oshirib hosil olishning uddasidan chiqmoqdamiz. Kartoshkaning bozor bahosini har kilogramiga oʻrtacha 6 ming soʻmdan hisoblaganda ham, bir oila erishayotgan moddiy manfaatdorlik 12 million soʻmdan oshmoqda. Darhaqiqat, tomorqa—bandlik, toʻkinlik va arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻlidir. 

Shu oʻrinda baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalsak, ayni kunda chekka tumanda mavjud 4 ming 471 gektar aholi tomorqasida umumiy hisobda 53 ming tonna atrofidagi ertangi sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirilmoqda. Chunonchi, 570 gektarda 4 ming tonnadan ortiq kartoshka, shuningdek, 502 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 171 gektarda 3 ming 158 tonna sabzi, 580 gektarda 11 ming tonna atrofida piyoz, qolaversa, 700 gektardan ortiq yerda 30 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirish harakati jadal bormoqda.

Joriy yil qishki va erta bahor mavsumida esa birgina dehqon xoʻjaliklarining 170  gektarida kartoshka, umumiy hisobda 833 gektar maydonda piyoz, bulgʻor qalampiri, pomidor, bodring, karam, baqlajon va boshqa sabzavot mahsulotlari ekib parvarishlash ishlari ham davom ettirilmoqda. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati 

 

68

Oxirgi yangilanish: 2025-04-11 14:49:15

Olot: Roʻziyevlar tomorqasida kartoshka pishib yetildi