Asosiy kontentga o'tish

Peshku: markazdagi 4 ta mahalla xonadonlari markazlashgan oqava suv tarmogʻiga ulanadi

2025-04-08 18:55:00 / Yangiliklar

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) ishtirokida “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasining 1-bosqichini amalga oshirish ishlari oʻtgan yilardan boshlangan. Mazkur loyiha doirasida Buxoro viloyatidagi 195 ta mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 1 million 254 ming aholini markazlashgan toza ichimlik suvi hamda 165 ming aholini markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan taʼminlash maqsadi koʻzlangan.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” (2-bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-266 sonli qarori dasturilamal boʻlmoqda. Mazkur qarorga asosan, Buxoro viloyati tumanlariga oid loyihalar boʻyicha Texnik Iqtisodiy Asos (TIA) hujjatlari tasdiqlangan.

Shu nuqtayi nazardan, viloyatning Peshku tumani markazida ham oqava suvni bartaraf etish, kanalizatsiya tarmoqlarini shay qilishga doir manzilli loyiha ishlab chiqilgan. Kuni kecha xalqaro tashkilot loyihachi-konsultantlar guruhi mazkur tumanda ham boʻlib, uning rahbari Hayot Davlatov bilan muzokara olib bordilar.   

  Ushbu loyiha uchun 9 million AQSH dollari moliyalashtirilgan. Jumladan, chekka tuman  markazida 78 kilometr bosimli va oqava suv tarmoqlarini ishga tushirish, 47,5 kilometr masofada aholi xonadonlariga ulash uchun oqava suv tarmoqlarini qurish, 15 ta oqava suv nasos stansiyalarini qurish, 1300 metr kub hajmdagi oqava suv tozalash inshootini qurish, 2 ta elektr transformator punkti  nimstansiyasini barpo etish, qolaversa, boshqaruv-ishlab chiqarish binosini qurib foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. 

Bu saʼy-harakat tufayli tuman markazidagi Mustaqillik, Yangibozor, Cheqirchi va Navbahor kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qilayotgan 9,5 ming nafar aholi vakilining 8,6 ming nafari ilk bor markazlashgan oqava suv tarmogʻi xizmatidan bahramand boʻlmoqda. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

103

Oxirgi yangilanish: 2025-04-08 18:59:17

Peshku: markazdagi 4 ta mahalla xonadonlari markazlashgan oqava suv tarmogʻiga ulanadi