Vobkent: “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” naslchilik imkoniyatlarini oshirmoqda
2025-04-07 19:45:00 / Yangiliklar

Tahlilardan koʻrinishicha, ayni kunda tumanda barcha toifadagi xoʻjaliklarda qoramol bosh soni jami 115,7 ming boshga yetib, shundan sigirlar bosh soni qariyb 39 ming boshga, qoʻy va echkilar bosh soni 177 ming boshga va parranda bosh soni esa 315,9 ming boshga oʻsishga erishildi. Xuddi shunday, goʻsht ishlab chiqarish hajmi hududda 3,6 ming tonnaga, sut ishlab chiqarish 19,5 ming tonnaga yetkazildi.
Shuningdek, bugunga kelib tumanda chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturiga asosan umumiy qiymati 34,7 milliard soʻmga teng 5 ta loyiha bilan birga parrandachilik tarmogʻida 3 ta, baliqchilik sektorida 2 ta loyihani roʻyobga chiqarish hisobidan qoʻshimcha 20 taga yaqin ish oʻrni yaratilmoqda. Bu borada chorvachilikda katta tajribaga ega birgina “Zahro yulduzi” fermer xoʻjaligida chet eldan 60 bosh naslli qoramol olib kelib, mahsuldorlik imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Boshqacha aytganda, tumanda chorvachilikning barcha tarmoqlari boʻyicha jami 36 ta qoramolchilik, shundan 11 ta naslchilik fermer xoʻjaligi va oilaviy korxona faoliyat yuritmoqda. Chunonchi, “Oqrabod”, “Saʼdullo”, “Orziobod”, “Nuriddin-Murod”, “Tursunbozor zamini”, “Xolmurod Alisher”, “Zokirbek chorva-2018”, “Neʼmatov Amirbek Rustamovich”, “Najim Toshobod”, “Zahro yulduzi” fermer xoʻjaliklari va “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” oilaviy korxonasida qoramol soni va sifatini oshirish, ozuqa yem-xashak ekinlari zahirasini yaratishga eʼtibor kuchaytirilmoqda.
Chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash borasida esa aytish mumkinki, bugunga kelib 520 gektar beda maydoni, 36 gektar yerda xashaki lavlagi, 18 gektar yerda oq joʻxori, 396 gektar maydonda makkajoʻxori silosi uchun hamda 168 gektar maydonda makkajoʻxori doni uchun ekinlar joylashtirilgan. Bundan tashqari, takroriy ekin sifatida 1338 gektar yerda makkajoʻxori, 2405 gektarda tariq, 10 gektarda roj ekinlari ekib yetishtirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-121-sonli qaroriga asosan tumandagi fermer xoʻjaliklarida tovuq, oʻrdak, gʻoz boqish va asalari uyasi parvarishlashga doir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Aniqrogʻi, tumanda turdosh yoʻnalishidagi 7 ta xoʻjalikda bugunga kelib parvarishlanayotgan parranda soni 75 ming boshga yetkazilgan. Shundan, masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “KAIS GOLD EGG”, “Vobkent Dezinfeksiya” va “Aziz Xushvaqt parranda” oilaviy korxonasida investitsiya loyihalari manzilli dasturiga asosan umumiy qiymati 34 milliard 700 million soʻmga teng 3 ta loyiha amalga oshirilib, qoʻshimcha 8 ta ishchi oʻrni yaratilmoqda.
Masalan, “Arabxona“ MFY da qoramol naslini yaxshilash, zotdor mollarni koʻpaytirishda “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” naslchilikka ixtisoslashgan oilaviy korxonasida oʻziga xos tajriba shakllanmoqda. 2018-yilda 500 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi evaziga faoliyatini rivojlantirayotgan mazkur xoʻjalik Qozogʻiston va Estoniya davlatlaridan 20 bosh naslli qoramolni xarid qilib keltirib, hozirda ular sonini 103 boshga yetkazgan.
Aksariyati “Eston” zotiga mansub sogʻin sigirlardan kuniga 25-30 litrgacha sut sogʻib olinib, oilaviy korxonada tashkil qilingan sutni qayta ishlash sexiga yoʻnaltirilmoqda. Natijada tuman aholisi uchun tabiiy boʻlgan qatiq, suzma, sariyogʻ, kabi oʻn turga yaqin sara mahsulot aholi dasturxoniga peshma-pesh yetkazilmoqda. Bu saʼy-harakat ortidan shu mahallada yashovchi 11 nafar ishchining bandligi taʼminlanmoqda. Ahamiyatlisi, fermer xoʻjaligi tomonidan fermadan mol boqishga ishtiyoqmand aholi xonadonlariga ham naslli buzoqlar yetkazib berilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati