Asosiy kontentga o'tish

Olot: dilkorlik Qizlarxon Rahimova uy xoʻjaligida yiliga 3-marta hosil yetishtirmoqda

2025-04-05 16:45:00 / Yangiliklar

Ekin yeri qadrini bilganlar uchun tomorqadan qadrliroq neʼmat yoʻq. Tomorqa—rizq-roʻz, qoʻshimcha daromad manbai. Zero, bir necha sotix ekin yerida sabzavot-poliz, dukkakli mahsulotlar, koʻkatlar yetishtirib, roʻzgʻor ehtiyoji bilan birga moʻmay foyda koʻrayotgan oilalar borki, daromadiga daromad qoʻshmoqda.

Olot tumanida ham bugun aholi orasida tomorqaga boʻlgan munosabat oʻzgarib, hatto qishki mavsumda issiqxona barpo etib, yilning istalgan faslida peshma-pesh hosil yetishtirayotgan mirishkor xoʻjaliklar safi kengaymoqda. Ayniqsa, qishloqda yashovchi fuqarolarimiz kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasi farovonligini oshirmoqda. Jumladan, Dilkor mahallasida ham tomorqachilik hadisini olgan mirishkorlar talaygina. 

Eʼtiborlisi, tayinli kasb-kori va daromadiga ega boʻlgan mehnatga yaroqli aholining aksariyati oʻz hovlisidagi tomorqasida moʻjazgina issiqxona tashkil etib, qish oylaridanoq yerni tayyorlab, urugʻ ekib, barakali hosil yetishtirishning uddasidan chiqishmoqda.

Qizlarxon Rahimovaning ham tomorqada olib borayotgan dehqonchilik faoliyati eʼtiborni tortmay qolmaydi. Hozirda 4 sotixdan iborat issiqxonada bodring ekib yetishtirilmoqda. Egatlar oralab tomchilatib sugʻorish tarmogʻi tortilgani ham nisbatan kam xarajat qilib, koʻproq hosil olish imkonini bermoqda. 

Bugun oilaning mehnati oʻz samarasini koʻrsatib, koʻchatlar sekin-asta hosilga kirmoqda. Xonadon mirishkorlari joriy mavsumda ekinlar rivojidan mamnun. Negaki, mashaqqat bilan qilinayotgan mehnat roʻzgʻor ehtiyojini qoplash barobarida oilaga daromad keltirmoqda. Hademay, bu yerdan 1 tonnaga yetkazib sarxil  bodring olish koʻzlangan. Bozor narxida oʻrtacha 12-14 ming soʻmdan sotilganda ham bir oila xoʻjaligi bundan 13 million soʻm moddiy manfaat koʻrishi tayin.  

Aholi tomorqalari, uy xoʻjaliklarida issiqxona faoliyatini yuritish barobarida olis tumanda masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Ravon taʼmir invest", "Rahmat saxovat baligʻi", "Mineral oʻgʻit" hamda "Fatxobod omad baraka" kabi subyektlarda ham jami 10 gektardan ortiq ekin yeriga ega issiqxonalarda sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. 

Joriy dehqonchilik mavsumida ham mazkur tadbirkorlik subyektlari tomonidan 150 tonnadan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksport qilish koʻzda tutilgan boʻlib, jami hisobda 200 tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish harakatiga kirishilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

49

Oxirgi yangilanish: 2025-04-05 16:57:37

Olot: dilkorlik Qizlarxon Rahimova uy xoʻjaligida yiliga 3-marta hosil yetishtirmoqda