Dadaxon Nizomov: “Issiqxonadan topayotganimiz xorijda ishlab topganimizdan barakaliroq!”
2025-04-05 15:50:00 / Yangiliklar

Qarabsizki, Dadaxon Nizomov hovlisidagi 25 sotixdan iborat ekin yerida issiqxona qurib, turmush oʻrtogʻi va oilasi bilan birgalikda dehqonchilik faoliyatiga jiddiy kirishdi. Bugunga kelib Nizomovlar issiqxonasining 22 sotix qismida serhosil navga mansub pomidor koʻchatlari parvarishlanayotgan boʻlsa, 3 sotixli yerda qulupnay ekib yetishtirilmoqda.
Qulupnay Koreyaning “Syon Xin” naviga mansub boʻlib, plyonka ostida kokos qipigʻidan iborat joʻyaklarda, “gidroponika” uslubida parvarish qilinmoqda. Joʻyaklar boʻylab tomchilatib sugʻorish tarmogʻi oʻtgan. Hozirda hosilga kirgan egatlar ostida, 3 sotix yerda esa bulgʻor qalampiri yetilmoqda. Tayinki, birgina issiqxonadan hademay 3 xildagi sabzavot hosili saranjomlanadi.
—Hozirda qulupnaylarimizni har kilosiga 150 ming soʻmdan oshirib xaridor tayyor, qishlogʻimizdagi savdo doʻkoni orqali sotyapmiz,—deydi issiqxona egasi Dadaxon Nizomov.—Fevral oyida bulgʻor qalampirimizdan birinchi terimni terib bozorga chiqarganmiz. Endilikda joʻyaklarda ikkinchi terim hosili boʻy koʻrsatib turibdi. Qulupnay va bulgʻor qalampiri yetishtirilayotgan 3 sotix yerdan qoʻlga kiritayotgan daromadimiz 80 million soʻmga yetmoqda. Ochigʻi, bu bir paytlar yarim yillab chet elda ishlab topgan pulimizdan koʻproq.
Nizomovlar uy xoʻjaligida kuzda ekib yetishtirilgan bodring hosili yigʻib olingach, fevral oyi dastlabki haftasida qaytadan yer tayyorlab, pomidor koʻchatlari oʻtqazilib, parvarishga kirishilgan. Hozirda egatlar oralab pomidor qizarib pishmoqda. Ayni pishiqchilik mavsumida esa issiqxonaga qoʻshimcha ishchi kuchi yollanadi. Demak, qoʻni-qoʻshni ham bu hosildan bahramand boʻlishmoqda.
—Issiqxonamizga 5 ming tup pomidor koʻchati oʻtqazib, parvarishlayotgan boʻlsak, har bir tupdan 2,5 kilogramgacha hosil olishni koʻzlaganmiz. Xomchoʻtimizga binoan, bu kamida 12 tonna sarxil pomidor degani,—deydi mirishkor oila bekasi Nilufar Bozorova.—Oilaviy xoʻjaligimizni yarim yillikda erishayotgan moddiy manfaatdorligini chamalasak, pomidorning oʻzidan 150 million soʻm atrofida. Asosiysi, myehnatimiz ortidan orzu-havasimizni koʻryapmiz. Uy, avtomashina sotib oldik. Farzandlarni uyli-joyli qilib, kamolini koʻrsak, ota-ona uchun bundan ortiq baxt bormi?!
Viloyat hokimligi matbuot xizmati