Buxoro tumani: "Erkin Akmal Baraka" fermer xoʻjaligida eksportbob sabzavot mahsuloti yetishtirilmoqda
2025-04-04 20:15:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani “Istiqbol” mahallasidagi “Erkin Akmal baraka” fermer xoʻjaligi rahbari Erkin Neʼmatov ham yerdan samarali foydalanib, moddiy manfaatdorlikka erishayotgan, nafaqat oilasi, balki xalqimizning farovonligiga hissasini qoʻshib kelayotgan ilgʻor, shijoatli fermerlardan biri.
Asli kasbi buxgalter-hisobchi boʻlgan Erkin Neʼmatov 10 yil burun sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan “Erkin Akmal baraka” fermer xoʻjaligini tashkil qilib, aholi dasturxoni toʻkinligini taʼminlashda baholiqudrat hissasini qoʻshib kelmoqda. Har yili dehqonchilik mavsumida avvalo eksportbop sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishga eʼtibor qaratilmoqda.
—Tajribamizdan kelib chiqib aytsak, mehnat qilgan hech qachon kam boʻlmaydi,—deydi agroxoʻjalik boshligʻi, fermer Erkin Neʼmatov.—Ekin yerimizning 15 gektarida oilamiz va 5 nafar ishchimiz bilan birgalikda astoydil mehnat qilib kelamiz. Erta bahorda 1 gektar yer maydonini tayyorlab, “duga”li sim tortib, plyonka ostida "nanskiy" serhosil navli sabzi urugʻini ekib, parvarishni boshlaganmiz. Uch oylik agrotexnik parvarishidan soʻng nasib etsa, shu bir gektar yerdan oʻrtacha 35 tonnaga yetkazib sabzi hosilini olishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari, ikkinchi, uchinchi hosil sifatida yerimizda karam, qizil lavlagi, bulgʻor qalampiri, baqlajon yetishtirishni yoʻlga qoʻyganmiz.
Kunni tunga ulab, vaqt bilan hisoblashmasdan yerida ishlab, halol peshona terini toʻkayotgan fermer oʻz gʻayrat-shijoati va erishayotgan moddiy manfaatdorligi bilan oʻnga yaqin oilaning bandligi va turmush farovonligini taʼminlamoqda. Xoʻjalik yaqin oylarda yetishtirgan mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirsa, bu ragʻbat yanada oshib borishi tayin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati