Olot: Mahfuza Bozorova tomorqasidan moʻmay daromad topmoqda
2025-04-03 20:40:00 / Yangiliklar

Shu oʻrinda Olot tumanidagi aholi tomorqachilari faoliyatiga daxldor baʼzi maʼlumotlarni keltirsak, 2024-yilgi dehqonchilik mavsumida chekka tumanda mavjud 4 ming 471 gektar aholi tomorqasida 52 ming 457 tonna ertangi sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirilgan. Chunonchi, 570 gektarda 4 ming tonnadan ortiq kartoshka, shuningdek, 502 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 171 gektarda 3 ming 158 tonna sabzi, 580 gektarda 11 ming tonna atrofida piyoz, qolaversa, 700 gektardan ortiq yerda 30 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirilgan.
Joriy yil qishki va erta bahor mavsumida esa birgina dehqon xoʻjaliklarining 166 gektarida kartoshka, umumiy hisobda 833 gektar maydonda piyoz, bulgʻor qalampiri, pomidor, bodring, karam, baqlajon va boshqa sabzavot mahsulotlari ekib parvarishlash ishlariga jadal kirishilgan.
Aynan shunday harakatlar natijasida bugun chekka tumanning "Chovdur" mahallasida istiqomat qiluvchi Mahfuza Bozorova xonadonida ham mavjud 20 sotixdan iborat yer maydoni obod qilinib, uning har qarichidan samarali foydalanib kelinmoqda. Qishki mavsumda esa bu yerning 1,5 sotix qismida qurilgan issiqxonada ham roʻzgʻorga zarur sabzavot mahsulotlari ekib yetishtirish tajribasi toʻplangan.
Shu kunlarda Bozorova xonadonidagi plyonka ostida 300 tup atrofidagi pomidor koʻchati koʻchirib oʻtqazilib, parvarishlanmoqda. Har bir koʻchatdan oʻrtacha 2,5 kilogramdan hosil olinsa, hademay mirishkor oilada 700 kilogram pomidor yigʻib-terib olinadi. Buni bozor bahosida xomchoʻt qilinsa, qoʻlga kiritiladigan daromad 8 million soʻm atrofida.
Bundan tashqari, xonadon ahli erta bahordan ekin yerida sarimsoqpiyoz, kartoshka, ismaloq va bulgʻor qalampiri ham ekib yetishtirib, avvalo roʻzgʻoriga qut-baraka kiritmoqda. Eʼtiborlisi, faqat tomorqa yeri bilan chegaralanib qolmagan Mahfuza Bozorovaning ogʻilxonasida 6 bosh chorva moli, sigir-buzoq, yana qoʻy, echki va oʻndan ortiq tovuq parvarishlanayotgani ham boshqalarga namuna desak, mubolagʻa emas.
— Halol peshona teri evaziga xonadonimizda sabzavot mahsulotlari bilan birga sut, goʻsht, tuxum kabi sarxil mahsulotlar oʻzimizdan chiqmoqda. Har bir oila oʻz tomorqa xoʻjaligidan unumli foydalanib, birinchi navbatda oʻz roʻzgʻori ehtiyojini qoplasa, kambagʻal oilaning oʻzi qolmaydi,—deydi mirishkor xonadon bekasi Mahfuza Bozorova.—Oʻzimizdan qiyos olsak, tomorqamizdan olinayotgan daromad tufayli ortiqcha pul sarflab, bozor-oʻchar qilib yurmaymiz. Halol mehnatimiz ortidan oʻgʻil, qizimni oʻqitdik, uyli-joyli qilib, orzu-havasimizni koʻrmoqdamiz. Oʻtgan yili daromadimizdan avtomashina ham sotib oldik. Shu bois, hademay issiqxonamizni yanada kengaytirib, mahsuldorlikni oshirishni niyat qilmoqdamiz. Zero, tomorqa—bandlik, toʻkinlik va arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻli hamdir. Dasturxon fayzu barakasi, turmush farovonligi, yurt obodligi undan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati