Qorakoʻl: bandboshilik Sherali Safarov xoʻjaligida qoramol soni 25 boshga yetkazildi
2025-04-02 17:45:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib mahallamizda 643 ta xonadon, 853 ta oila va ularda 3 ming 900 ga yaqin aholi istiqomat qilayotgan boʻlib, oʻtgan yili ogʻir sharoitda yashayotgan oilalardan jami 158 nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan. Yakka tartibda, oʻzini oʻzi band qilish yoʻnalishida yana 112 nafar fuqaro ishga joylashtirilib, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvatlash orqali mahallada 18 ta yangi tadbirkorlik subyekti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Xuddi shunday, oʻtgan yili hududda tomorqachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan 72 nafar fuqaroga 10 sotixdan 30 sotixgacha, jami 18,6 gektar yer maydoni ajratib berilgani koʻplarning roʻzgʻoriga qut-baraka kiritmoqda. Alohida dehqon xoʻjaliklarini tashkil etib, sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirishga kirishgan bu oilalar uchun suv taʼminotida muammo yoʻq. Negaki, mahalla tuman suv tarmogʻi boshida joylashgan aholi maskanlaridan sanaladi.
Xuddi shunday, yana 16 nafar bandboshilik fuqaro oilasiga 30 sotixdan tomorqa yeri oʻlchab berilgani ular imkoniyatini oshirdi. Xurshida Umarova, Ahmad Qoʻziyev, Dilfuza Boltayeva, Munira Oʻrayeva, Sabohat Hayitova, Mirsaid Suvonov singari mirishkorlar tomorqa yerlarida erta bahordan kartoshka, pomidor, bodring, piyoz, sabzi, loviya, bulgʻor qalampiri, lavlagi, oshqovoq kabi sabzavot-poliz mahsulotlari joʻyaklari yashnab turibdi.
Bandboshilik Sherali Safarov oila aʼzolari ham koʻp yildirki, tomorqani obod qilib, ekin-tikin ishlari bilan birga ogʻilxonada tuyoq sonini koʻpaytirib, qoramol parvarishi bilan shugʻullanib keladi. Muhimi, uyida sogʻin sigiri bor xonadon dasturxonida sut-qatiq, sariyogʻ, suzma serob boʻlsa, boʻrdoqiga mol boqib, hoʻkiz parvarishlayotgan mirishkor xoʻjaliklarda esa goʻsht, yogʻ “dehqonchilik” mahsuli.
—Mol boqqan oila hech qachon kam boʻlmagan. Yoshligimizdan chorvachilikka mehrimiz tushib, uyda zotdor qoramol parvarishiga bor kuch-gʻayratimizni bermoqdamiz,— deydi mirishkor Sherali Safarov. —Oxirgi 5 yilda bu ishga astoydil kirishib, qoramol sonini 25 boshga yetkazdik.
Shulardan yarmini sogʻin sigirlar tashkil etmoqda. Ayni paytda ulardan har kuni oʻrtacha 12 litrdan sut sogʻib olinmoqda. Sutni bolalar bogʻchasiga yetkazib, qoʻshimcha daromad orttirayotgan boʻlsak, ogʻilxonamizdagi 10 boshdan ziyod hoʻkiz parvarishini ham talab darajasida olib borib, ular kunlik ozuqa ratsioniga qatʼiy amal qilmoqdamiz. Bu ishdan qoʻlga kiritayotgan yillik sof daromadimiz esa 120 million soʻmni tashkil etmoqda. Bu ham biz kabi chorvador mirishkorlarga yaratilgan shart-sharoitning yorqin dalolati desak, mubolagʻa emas.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati