Vobkent: aholining toza ichimlik suvi taʼminoti kengaymoqda
2025-03-29 15:00:00 / Yangiliklar

Tahlillardan koʻrinishicha, ayni kunda tumanda jami 17 ming 660 ta aholi isteʼmolchilari, 375 ta ulgurji isteʼmolchilar ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlib, tuman aholisining vodoprovodlashgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi ayni kunda 56 foizni tashkil qilmoqda. Viloyat va tuman hokimligi tomonidan hududda mavjud suv inshootlari ish faoliyati, vodoprovod suvi yetib bormagan qishloqlar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Ahamiyatli jihati, tumanda aholining toza ichimlik suviga boʻlgan talab-ehtiyojini qondirish maqsadida 2023-2024-yillar davomida umumiy uzunligi 124,8 kilometrga teng toza ichimlik suv quvurlari tortilib, bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻtgan yil yakuniga kelib jami 4 ming 890 ta aholi xonadoni va 5 ta ulgurji tashkilot shartnoma asosida “obi hayot” bilan taʼminlanmoqda. Ayni paytda hududdagi mavjud 44 ta mahalla fuqarolar yigʻinidan 19 tasida aholining vodoprovodlashgan toza ichimlik suviga boʻlgan talabi qondirilayotgani holda qolgan qishloq va koʻchalarga ichimlik suvi quvurini tortish ishlari rejalashtirilmoqda.
Taʼminotchi sifatida hozirda “Buxoro suv taʼminoti” AJ Vobkent tumani filiali tasarrufidagi 7 ta gidroinshoot—“Paxtakor”, “Xayrxush”, “Ponob”, “Shakarkent”, “Damxoʻja”, “Qoʻngʻirot” va “Duoba” suv inshootlari orqali aholi xonadonlariga toza ichimlik suvi yetkazilmoqda. Shundan, “Shakarkent” suv inshooti 5 ming 500 ta isteʼmolchi xonadonga, “Xayrxush” — 4 ming 200 ta, “Paxtakor” suv inshooti – 3 ming 100 ta, “Damxoʻja” suv inshooti – 1 ming 500 ta, “Ponob” suv inshooti – 1 ming 450 ta, “Duoba” suv inshooti – 1 ming 100 ta, “Qoʻngʻirot” suv inshooti esa 810 ta isteʼmolchi xonadonga xizmat koʻrsatmoqda. Albatta, yaqin oylarda bu boradagi chora-tadbirlar yanada kengaytiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati