Asosiy kontentga o'tish

Qorakoʻl: doʻrmanlik Farhod Tangriyev tokzorida ham ish qizgʻin...

2025-03-28 21:55:00 / Yangiliklar

Uzumchilik, tokzor parvarishi taʼbir joiz boʻlsa, xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, dasturxoni toʻkinligi, daromad manbai hisoblanadi. Zero, bugun hovlisida bir necha tup tok oʻtqazib, astoydil parvarishlab, har yili moʻl uzum hosilidan bahramand boʻlayotgan oilalarga havas qilasan, kishi. Bu turmush toʻkisligi, roʻzgʻor badastirligi dalolati ham. Balki shuning boisdan husayni, toyfi, Rizamat ota, kelinbarmoq, kishmishi kabi uzumlarimizning dovrugʻi uzoq-uzoqlargacha yoyilgan.

 Ayni kunda Qorakoʻl tumanida ham qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirish imkoniyati mavjud boʻlgan 861 gektar bogʻ va tokzor mavjud boʻlib, har yili aholi ehtiyoji uchun oʻnlab tonna sarxil uzum hosili saranjomlanmoqda. Shundan 509 gektar yerda mevazor bogʻ, 352 gektar maydonda uzumzor-tokzor mahsuldorligi oshirilayotgani barobarida, qator orasida sabzavot mahsulotlari ekib, barakali hosil yetishtirib kelinmoqda. 

Chekka tumanning “Doʻrman” mahallasidan Farhod Tangriyev ham aynan bogʻdorchilikda, tokzor parvarishida mirishkor bogʻbonlardan. Keyingi yillarda u oila aʼzolari bilan birgalikda 1 gektar maydonda barpo qilgan tokzorini obod qilib, uzumning oq kishmishi, toyfi, charos, chillaki kabi navlaridan parvarishlab, har yilgi mavsumda moʻl hosil olishga erishmoqda.  

—Uzumchilik bizga ota meros kasb, shu bilan birga serdaromad soha,—deydi Farhod Tangriyev.—Toklar toʻgʻri parvarish qilinsa, hosildorlik yildan-yilga oshib boraveradi. Koʻp yillik, “qari zang”lar oʻrniga oʻsib chiqadigan yosh nihollardan umrbod hosil olish mumkin ekanligini oʻz tajribamizdan koʻrib, guvoh boʻlib turibmiz. Parvarish vaqtidan kechikmasa, agrotexnik tadbirlari toʻla-toʻkis bajarilsa, tok kasallanmaydi. Shundanmi, oʻtgan yili bu tokzorimizdan 70 millin soʻm atrofida daromad qildik. Yana qishki mavsumda biror tonnaga yaqin mayiz tayyorlashga ham erishdik. Shu mehnatimiz orqasidan orzu-havas koʻrib, toʻylar qildik, yangi avtomashina sotib oldik. Endilikda ortimizdan farzandlarimizni ham yerda ishlab, halol mehnat bilan daromad topishga  oʻrgatmoqdamiz. 

Uzum hosilini daladan dasturxongacha keladigan jarayon dehqon mirishkorlarning peshona teri, zahmati mahsulidir. Shunday ekan, bobo dehqon va bogʻbonlarning hosiliga, xirmoniga baraka yogʻilaversin, dasturxonlarimiz toʻkin-sochin, rizqi nasibamiz moʻl-koʻl boʻlaversin. 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati 

 

51

Oxirgi yangilanish: 2025-03-28 21:59:08

Qorakoʻl: doʻrmanlik Farhod Tangriyev tokzorida ham ish qizgʻin...