RSHTYOIM Buxoro filialida ikki bemorda buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi bajarildi
2025-03-24 13:35:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-oktyabrdagi “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan ayni kunda respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali tomonidan ham bemorlarda transplantatsiya amaliyotiga doir jarrohlik amaliyotlari muvoffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mazkur muassasa mutaxassis shifokorlari tomonidan kuni kecha navbatdagi jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi tashhisi bilan aziyat chekib, gemodializ seanslari yordamida davolanib kelishga majbur boʻlgan buxorolik 2 nafar bemorda buyrak koʻchirib oʻtkazish yuqori texnologik murakkab jarrohlik operatsiyasi amalga oshirildi.
Puxta tayyorgarlik va poytaxt Toshkent shahridan taklif qilingan bir guruh transplantolog mutaxassislar bilan hamkorlikda filialda buyrakni koʻchirib oʻtkazish amaliyoti 6 soat davomida muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Shifokorlar saʼy-harakati bilan koʻchirilgan buyrak oʻz faoliyatini boshladi.
Shunday murakkab operatsiya amaliyotini boshdan kechirgan bemorlardan biri Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 26 yoshli yigit hisoblanadi. Unga 46 yoshli onasi donor boʻldi. Hozirda bemor-retsipiyent va donorning ahvoli qoniqarli, tibbiy meʼyoriy talablarga mos. Ikkkinchi bemor, yaʼni 1996-yilda Qorakoʻl tumanida tugʻilgan xasta fuqaroda ham buyrak jarrohlik amaliyoti qoniqarli darajada oʻtkazildi.
Umuman, hukumatimiz tomonidan tiibbiyot sohasi rivojiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli yuqoridagi kabi bir qadar ogʻir va murakkab sanalgan transplantatsiya—jarrohlik amaliyotlari shu yerda talab darajasida tashkil qilinmoqda va bemorlar reablitatsiyasi, yaʼni tiklanishi sifatli olib borilmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimida kechayotgan izchil islohotlar samarasi oʻlaroq, hozirda dardga chalingan, doimiy davolanish kurslariga mansub bemorlar guruhi oʻz ona yurtida shifo topish baxtiga erishmoqdalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati