Asosiy kontentga o'tish

Buxoro tumanidagi “Panji fayz obod” fermer xoʻjaligida oʻtgan seminar gʻalla parvarishiga bagʻishlandi

2025-03-12 23:00:00 / Yangiliklar

Xalqimiz dasturxonining bosh neʼmati va koʻrki bu non. Yurtimizda non va non mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyoj qay darajada ekanligini ortiqcha izohlashga hojat yoʻq. Shu bois, mamlakatimizda rizq-roʻz manbai—bugʻdoy yetishtirish, gʻalla maydonlarini talab darajasida oziqlantirish, bu boradagi agrotexnik tadbirlarni kechiktirmay olib borishga katta eʼtibor qaratiladi. Shu kunlarda viloyat tumanlarida gʻallachilikda band boʻlgan fermer xoʻjaliklari zimmasida 2025-yil hosili uchun gʻalla maydonlarini talab darajasida oziqlantirish, parvarishlash ishlari qizgʻin olib borilmoqda.
Aynan gʻallachilik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq, bugunga kelib viloyatda 65 ming gektar yerda 10 ta klaster korxonasi tashkil etilib, ularga 3,4 ming gektar yer toʻgʻridan-toʻgʻri ajratilgani va 61,6 ming gektar gʻalla maydoni mavjud 3 mingtaga yaqin fermer xoʻjaligiga biriktirib berilgani xoʻjaliklar moddiy manfaatdorligi, elimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
 
Qolaversa, Prezidentimizning uch yil burun “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi tarixiy qarori qabul qilinib, gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilgani gʻallachilik klasterlari va fermerlarga bugʻdoyni bozor narxida toʻliq erkin sotish huquqini berdi. Bu esa avvalo, fermer xoʻjaligi, qolaversa, xoʻjalik aʼzolarining moddiy manfaatdorligi va daromadini oshirmoqda. 
 
Joriy yil rizq-roʻzi uchun viloyatda gʻallachilikka ixtisoslashgan 2931 ta fermer xoʻjaligi tasarrufidagi 65 ming gektar maydonda sara bugʻdoyning “Alekseevich”, “Vassa”, “Grom” kabi saralangan navlari, shuningdek, serhosil Xitoy navlari  ekilib, sifatli parvarishlanmoqda. Viloyatimiz mirishkorlari 2024-yilgi mavsumda qishloq xoʻjaligi tarixida birinchi marotaba gektarlar hosildorligini oʻrtacha 82 sentnerdan oshirib barakali xirmon barpo etgan boʻlsalar, joriy yilgi mavsumda bor kuch va imkoniyat yalpi sara bugʻdoy xirmonini 600 ming tonnaga yetkazishga qaratilgan. 
 
Shu nuqtayi nazardan, Buxoro tumanidagi “Panji Fayz Obod” fermer xoʻjaligi dalasida tashkil etilgan koʻrgazmali amaliy seminari 2025-yil hosili uchun ekib undirilgan gʻalla maysasini bargidan oziqlantirish (suspenziya sepish), parvarishlash masalalariga bagʻishlandi.  Viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar, “Agroinspeksiya”,  “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi viloyat boshqarmasi, “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish” boshqarmasi rahbarlari, donni qayta ishlash korxonalari, agroklasterlar mutasaddilari, fermerlar hozir boʻlgan oʻquv amaliy seminarni viloyat hokimining oʻrinbosari Amrillo Nazarov olib bordi. 
 
Seminarda dastlab, gʻalla parvarishi va erta bahorgi dala yumushlarini tahlil qilib, bugʻdoyni mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, “sharbat”lab sugʻorish, dala chetlarini obodonlashtirish, ichki sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish, gʻalla maysalarini bargidan oziqlantirish (suspenziya sepish), barcha purkagichlarni mavsumga tayyorlab, otryadlarni shakllantirish ishlariga batafsil toʻxtalindi. 
 
Tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Amrillo Nazarov, dongdor gʻallakor, Oʻzbekiston Qahramoni, “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xoʻjaligi rahbari Muhammad Ahmedov, Buxoro tumanidagi “E-OVEST” Oʻzbekiston-Niderlandiya qoʻshma korxonasi general direktori Rob Van der Veen, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Erkin Fayzullayev va boshqalar soʻzga chiqib, fermer xoʻjaliklariga zarur tavsiyalarini berdilar. 
Dalada bugʻdoy hosildorligi va don sifati oʻsimlikning oʻsish davrida yetarli miqdordagi zarur minerallardan iborat ozuqa elementlari bilan taʼminlanish darajasiga bogʻliq ekanligi qayd etildi. Gʻallani oziqlantirishda mineral oʻgʻitlarni toʻgʻri tanlab qoʻllanilishi bugʻdoydan yuqori va sifatli hosil olish garovi ekanligi taʼkidlandi. 
 
Viloyat hokimligi matbuot xizmati

59

Oxirgi yangilanish: 2025-03-12 23:11:51

Buxoro tumanidagi “Panji fayz obod” fermer xoʻjaligida oʻtgan seminar gʻalla parvarishiga bagʻishlandi