Qorovulbozor: 3,5 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi zavod ishlab chiqarish quvvatini oshirishga xizmat qilmoqda
2025-03-09 09:20:00 / Yangiliklar

Aytish joizki, oʻtgan chorak asrdan ziyod davrdagi faoliyati davomida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi nafaqat viloyatimiz, balki yurtimiz sanoatining ham muhim obyektlaridan biriga aylandi. Soʻnggi yillarda dunyoda energiya tanqisligi kuzatilayotgan bir vaziyatda mamlakatimizda ham koʻp xarajat va xomashyo resursi evaziga ishlab chiqariladigan anʼanaviy energiya resurslari evaziga muqobil energiyani tatbiq etish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatimizdagi barcha korxona va tashkilotlar tomonidan oʻz energiyasi isteʼmolini muqobil elektr energiyalari manbalari hisobidan qoplash borasidagi tashabbuslar ilgari surildi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodining oʻziga xos moʻjaz quyosh elektr stansiyasi shunday tashabbuslarning amaliy ifodasidir. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Oʻzbekneftgaz” AJning 2023-yil 6-iyundagi “Oʻzbekneftgaz” AJ ning zavod va boshqarmalari hamda korxonalarida energiya tejamkor qurilmalarni xarid qilish va oʻrnatishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.
Uch gektar maydonni egallagan va 3,5 megavatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ushbu elektr stansiyasining faoliyati natijasida endilikda respublikamizdagi yirik sanoat korxonasi deyarli toʻliqligicha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan quvvatlantirilishiga erishiladi. Zavod bino-inshootlarini issiq suv bilan taʼminlash uchun quyosh suv isitgichlari ham oʻrnatilganligi korxonada nafaqat ekologik, balki salmoqli iqtisodiy samara beradigan energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligidan dalolat bermoqda.
Zavodning muqobil energiya manbai—quyosh elektr stansiyasi qurilishida pudratchi sifatida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Ogma projects” korxonasi, loyihachi sifatida “ARH Grand projects” xususiy korxonasi jamoalari alohida jonbozlik koʻrsatishgan. Mazkur muqobil energiya quvvati zavodning koʻp yil barqaror faoliyati, aholining turmush farovonligiga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati