Xalqaro xotin-qizlar bayrami Buxoroda ham keng nishonlanmoqda
2025-03-06 15:45:00 / Yangiliklar

Jamiyatimizda xotin-qizlarimiz bugun nafaqat fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash sohalarida, balki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida masʼul vazifalarda ham samarali faoliyat koʻrsatishmoqda.
Ayni kunda viloyatimizda ilgʻor, ishning koʻzini biladigan, uddaburon fermer va tadbirkor opa-singillarimizning saflari tobora kengayib borayotgani, ular yurtimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshayotganlari, albatta, barchamizga faxr-iftixor tuygʻularini baxsh etadi. Biz bugun oʻzining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz. Zero, ayolga ehtirom koʻrsatish— davlatga, jamiyatga, millatga, ertangi istiqboli kulgan kunimizga, kelajak avlodimizga ehtirom koʻrsatish, demakdir.
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Buxoro shahridagi musiqali va drama teatrida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda ayni jihatlar alohida eʼtirof etildi. Tadbirga viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda mehnat qilib, yuqori natijalarga erishayotgan, ijtimoiy hayotda faol, mahallalar obodligi, oilalar turmush farovonligiga munosib hissa qoʻshayotgan xotin-qizlar taklif etildilar.
Tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov soʻzga chiqib, yigʻilganlarni va ular timsolida buxorolik barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
Eʼtirof etilganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bilim va kasbiy koʻnikmalarni egallab, munosib ish topishlariga koʻmaklashish, salomatligini saqlash, uy-joy bilan taʼminlash kabi muhim masalalarni hal etishga eʼtibor qaratilmoqda. Davlat darajasida koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar ayollarni yangi Oʻzbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtirok etib, Vatanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishga undamoqda.
Xususan viloyatimiz hududidagi “Qizbibi”, “Bibi Orifa”, “Joʻybori Kalon”, “Modarixon”, “Bibi Saida” majmuasi kabi muhtasham meʼmoriy obidalar muhtarama onalarimiz, Buxoroning zukko ayollari dahosiga bagʻishlangan ehtirom monumenti desak mubolagʻa emas.
Oʻrni kelganda, baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalsak, soʻnggi 7 yil ichida viloyatimizda ishbilarmon ayollar safi ham kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 25 ming nafardan oshdi.
Xususan, Yangilangan Konstitutsiyamiz asosida oʻtkazilgan saylovlarda Oliy Majlis Senatida 1 nafar, Qonunchilik palatasida 1 nafar, mahalliy Kengashlarimizda esa 103 nafar viloyatimiz ayollariga ishonch bildirildi. Bundan tashqari, viloyatimizda 2395 nafardan ziyod xotin-qiz turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelishmoqda. Hozirda ilm-fan sohasida ham viloyatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida jami 500 ga yaqin olima ayollarimiz faoliyat koʻrsatmoqda.
“Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyil asosida, 2024-yilda viloyatimizda 59 916 nafar xotin-qizga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatilgan. Xuddi shunday, 3 ming 91 nafar ayolga shaxsiy va dala tomorqasida yengil tipdagi issiqxona qurilishi uchun 18 milliard 864 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilgan. Saʼy-harakat tufayli 181 ming 433 nafar ayol bandligi taʼminlangan.
Viloyatimiz boʻyicha ayni vaqtga qadar 152 nafar ijtimoiy sharoiti ogʻir xotin-qizlarimiz uy-joylari taʼmirlab berilgan. Oʻtgan yilning oʻzida xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 25 milliard soʻmga yaqin kredit va subsidiya ajratilgan. Natijada 26 mingdan ortiq opa-singillarimiz doimiy ish va daromadga ega boʻldilar.
Shuningdek, 2024-yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 30 nafar qizlar oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilingan boʻlsa, 121 nafar talaba qizga shartnoma pullari toʻlab berilgan.
Quvonarlisi, kuni kecha Prezidentimizning "8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida"gi Farmoniga asosida 4 nafar buxorolik ayollarimiz davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, Nilufar Ruhillayeva hamda Dilshoda Bahronova singari zukko qizlarimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻlishganligi barchamiz uchun faxr va iftixor namunasidir.
Kuni kecha esa maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan 16 nafar ayollarimiz "Moʻtabar ayol" koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Tantanada ana shunday eʼtirofga sazovor boʻlgan ayollarga koʻkrak nishonlari va tashakkurnomalar topshirildi. Ular orasida Buxoro davlat pedagogika instituti dotsenti, filologiya fanlari doktori Laylo Sharipova, Buxoro muhandislik- texnologiya instituti professori Matlab Temirova, respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlat muassasi Buxoro viloyat filiali 1-akusherlik boʻlimi mudiri Nasiba Baxronova, Jondor tumanidagi “OAZIS AGRO MSH” fermer xoʻjaligi rahbari Muhtaram Tohirova, Kogon tuman madaniyat boʻlimi tasarrufidagi “Uyrot” madaniyat markazi rahbari Shohista Toyirova, Qorovulbozor tumani “Saʼdi Tosh” fermer xoʻjaligi rahbari Saodat Tosheva, Shofirkon tumanidagi 32-sonli umumtaʼlim maktabi direktori oʻrinbosari Dilrabo Safarovalar bor.
Bahor va nafosat, goʻzallik va latofat bayramiga bagʻishlangan tantana sanʼat ustalari, xushovoz estrada xonandalari konsert dasturi bilan yakunlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati