Shofirkon: "Buxoro zarhal teks" MCHJ bilan hamkorlik "Shohrux Azizbek kelajagi" fermer xoʻjaligi imkoniyatlarini oshirmoqda
2025-03-01 13:20:00 / Yangiliklar

Bundan tashqari, qoʻshimcha 1 ming tonna sanoat xom ashyosi sotib olish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Aynan qoʻshimcha shartnoma tuzgan fermerlarni klaster gʻalla parvarishi uchun mineral oʻgʻit, yoqilgʻi mahsulotlari, zamonaviy texnika xizmatlari bilan taʼminlamoqda.
Klaster tarkibida bugungi kunda 1 mingdan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Jumladan, Shofirkon tumanida joylashgan qayta ishlash zavodi va qishloq xoʻjaligi sohasida 200 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Olot tumanidagi ip yigiruv va toʻquv fabrikalarida yana 500 nafarga yaqin ishchi band. Ishchilarning oʻrtacha oylik daromadi 3,5–4 million soʻmni tashkil etadi.
2025-yilda paxta hosildorligini oshirish maqsadida zamonaviy 76 santimetr oraliqdagi, qoʻsh qator asosida chigit ekish texnologiyasi joriy etilmoqda. Shuningdek, hosilni sifatli va tez yigʻib olish uchun Xitoydan ikkita zamonaviy paxta terish mashinasi xarid qilish chorasi koʻrilmoqda. Agroklasterning muhim maqsadlaridan biri 10 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirib, natijada 200 ta yangi ish oʻrni yaratish va yiliga 15 million AQSH dollaridan ortiq eksport hajmiga erishishdir. Bu tizim fermerlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
"Buxoro zarhal teks" MCHJ bilan yaqin hamkorlikdagi ilgʻor fermerlardan biri, koʻp yildirki, qishloq xoʻjaligida samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgan Roziya Toʻxtayeva boshqaruvidagi "Shohrux Azizbek kelajagi" fermer xoʻjaligidir. Fermer ayol dehqon farzandi sifatida yoshligidan yerga mehr bilan qarab, astoydil mehnat qilishni, oʻz qoʻli bilan mahsulot yetishtirish tajribasini oʻzlashtirgan.
—Keng dalaga chiqsam ovunaman, bahri-dilim ochiladi, gʻalla maysalari, oppoq yastanib yotgan daladagi gʻoʻzalar bilan ham gaplashaman, bugʻdoy boshoqlari bilan dardlashganday boʻlaman,—deydi mirishkor Roziya Toʻxtayeva.—Joriy yilgi paxta hosili uchun "Buxoro zarhal teks" MCHJ bilan 44 tonna fyuchers va 40 tonna qoʻshimcha shartnoma imzolab, jami 84 tonna "oq oltin" yetkazib berishni zimmamizga oldik. Oʻtgan yillarda barcha koʻzlagan hosilni yetishtirib, hamkorlar bilan barqaror hamkorlikni saqlab kelmoqdamiz. Albatta, bu yil ham maqsad qilingan xirmonni barpo qilamiz.
Hozirda "Shohrux Azizbek kelajagi" fermer xoʻjaligida 20 gektar paxta, 15 gektar gʻalla maydoni boʻlib, 2024-yilda 80 tonnadan oshirib “oq oltin” va 90 tonnaga yetkazib sara bugʻdoy xirmoni koʻtarilgan. Shuningdek, xoʻjalikda chorvachilik rivojlantirilmoqda. Shu kunda jaydari “Qizil choʻl” zotli qoramollar bilan birga “smental” naslli qoramoli soni 10 boshga yetkazilibdi. Molxonasida boʻrdoqiga xoʻkizlar boqilayotgan xoʻjalikda otlar, qoʻy-qoʻzilar va 200 bosh tovuq ham parvarishlanmoqda. Imkoniyatlarini oshirayotgan birgina fermer xoʻjaligi tufayli oʻndan ortiq oilaning moddiy manfaatdorligi taʼminlanmoqda.
Roziya fermer ekin yeriga mehr berib, ishda zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish muhimligini alohida taʼkidlaydi. Shu sababli, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanib, 2024-yilda har gektar hosildorligini 50-55 sentnerga yetkazgan. Aytish joizki, bu kabi yutuqlari bilan fermer turdosh xoʻjaliklarga ibrat-namuna boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati