Kogon: Tutkunda mahallasida Sitora Neʼmatova ҳам qoʻziqorin yetishtirmoqda
2025-02-27 10:35:00 / Yangiliklar

Qoʻziqorin yetishtirish murakkab jarayon emas, qopchalarga solib joylangan chigit qipigʻiga ekilgan urugʻ 30-35 kunlik parvarishdan soʻng tayyor boʻladi va sotuvga chiqariladi. Qoʻziqorin terimi ham bir kunlik ish emas. Yetilgan hosil peshma-pesh yigʻib olinadi. Hozirda terim jarayoni bormoqda.
— Shu moʻjazgina 300 kvadrat metr maydondan yil yakunigacha 8 tonnadan orttirib qoʻziqorin hosili olish harakatiga tushganmiz,—deydi tashabbuskor “Sultonov Sharif” MCHJ rahbari Sitora Neʼmatova.—Bunda har kilogram hosil kilogramini oʻrtacha 30-35 ming soʻmdan hisoblasak, 250 million soʻmdan oshirib moddiy manfaatdorlikka erishamiz. Shundan 35 million soʻm atrofida sarf-xarajat qiladigan boʻlsak, umumiy daromaddan qoʻlga kiritiladigan sof foydani chamalash qiyin emas.
Endilikda 8 yillik ish tajribasiga ega ishbilarmon ayol tayyor qoʻziqorin mahsulotini hududdagi savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish shaxobchalariga, qoʻziqorindan salat tayyorlovchi sexlarga yetkazib berib, daromad topmoqda. Asosiysi, bu mahsulotga har doim talab bor. Qolaversa, zamonaviy tibbiyotda ham qoʻziqorinning tabiiy insulin va fermentlarga boyligi aniqlangan, shu bois, qandli diabet kasalligida yaxshi davo vositasi boʻlishi oʻz isbotini topgan.
Bugunga kelib "Sultonov Sharif" MCHJ qoʻziqorin yetishtirish va boshqa tarmoqda 15 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan taʼminlab, ularga 1-2 million soʻm atrofida oylik maosh toʻlab kelmoqda. Ularga ish vaqti kuniga 4-6 soatni tashkil etadi. Shu bilan birga, hozirga qadar qoʻziqorinchilikka ishtiyoqmand 100 ga yaqin shogirdi orasidan ham ayni kunda sohada yaxshigina tajriba orttirib, oʻz faoliyatini boshlaganlari bor.
Eslatib oʻtish joizki, bilar-bilmas terib olgan qoʻziqorinlarni ovqatga ishlatishdan ehtiyot boʻlishi kerak. Qoʻziqorinlarning foydali xususiyatlari juda koʻp. Misol uchun, bu mahsulot immunitetni mustahkamlashga hissa qoʻshadi. Ulardagi letsetin moddasi tomirlarni tozalash va xolesterinni kamaytirishga yordam beradi, aterosklerozning oldini oladi. “Veshenka” va “Shampinyon” naviga mansub qoʻziqorinni oldin suvda qaynatib, soʻng bemalol turli taomlar tayyorlab isteʼmol qilish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati