Botir Zaripov Jondor tumani “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida Yavmut va Bahodir Yangiyevlar uy xoʻjaliklarida boʻlib, issiqxonadan foydalanish tajribasi bilan tanishdi
2025-02-22 19:30:00 / Yangiliklar

Hokim yordamchilari tavsiyalari asosida mahallalarda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va hunarmandchilikni kengaytirish, aholi va uy xoʻjaliklari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish uchun kreditlar ajratilayotgani joylarda kambagʻillikni qisqartirishga xizmat qiladi. Ayni kunda 190 mingdan oshiq aholisiga ega Jondor tumanida ham bugun qishloq xoʻjaligida sezilarli yutuqlarga erishilib, aholi xonadonlarida tomorqadan foydalanish madaniyati shaklanmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov Jondor tumani “Nurafshon” mahalla fuqarolar yigʻinida peshqadam tomorqachilardan aka-uka Yavmut va Bahodir Yangiyevlar uy xoʻjaliklarida boʻlib, issiqxonadan foydalanish tajribasi bilan tanishdi. Mahallaning Sepatta qishlogʻida yashovchi aka-uka mirishkorlar har birida ayni kunda 12 sotixdan kam boʻlmagan issiqxonasi boʻlib, oilalari daromad manbaiga aylantirilgan.
— Asli kasb-korim usta duradgorlik boʻlib, koʻp yil qishloqdoshlar xizmatini qildik. Shu bilan birga, tomorqa mehnatiga azaldan mehrimiz baland, – deydi Yavmut Yangiyev. — Shu bois, 15 sotixdan iborat tomorqamizda issiqxona tashkil etganimizga 6 yil boʻlibdi. Bunda yiliga 2-marta bodring, pomidor yetishtirsak, almashlab ekishga rioya qilib, qoʻshimchasiga yoz oylarida tariqmi, arpami ekib yetishtiramiz. Masalan, dekabr oyida 10 sotix yerda pomidorning “Alamina” naviga mansub 3 mingta koʻchatidan oʻtqazib, parvarishlayotgan boʻlsak, aprel oyida bundan 10 tonnaga yetkazib hosil olish harakatidamiz. Xuddi shunday, issiqxonada 5 sotix yerda “Orzu” navli bodring yetishtirishga kirishganmiz. Oilamiz, farzandlar koʻmagida birgina ekindan bir martada 100 million soʻm atrofida daromadga erishayotganimiz sarf-xarajatimiz oʻrnini qoplamoqda.
Issiqxona mehnati oson emas, albatta. Koʻchatlar va hosilni qishdan olib chiqish uchun Yangiyevlar oilasi qariyb 70 tonna koʻmir xarid qilgan. Kunlar sovib, harorat keskin pasaygan kunlarda plyonka ostidagi haroratni barqaror saqlash chorasi koʻrilgan. Shu tinib-tinchimaslik, halovatdan kechilgani ortidan sof foyda qoʻlga kiritilmoqda.
Bundan tashqari, xonadon ogʻilxonasida qoramol soni 4 boshga yetkazilib, sogʻin sigir, ikki bosh hoʻkiz parvarishlanayotgani yoki hovli etagida alohida 1 sotix maydonda hovuz qazib tayyorlanib, unda oq amur baligʻi boqilayotgani bir oila qut-barakasidan dalolat. Bu hovuzdan bir yilda 250 kilogram atrofida “luqmai halol” olinayotgan ekan. Xonadon mirishkorlari esa issiqxonani kengaytirib, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish harakatiga tushishgan.
Umuman, birgina 2024-yil dehqonchilik mavsumini olsak, erta bahordan tuman aholi xonadonlarining jami 3 ming 384 gektar tomorqa yerida sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilgan boʻlib, shundan 500 gektardan oshiq yerda kartoshka, 400 gektarga yaqin yerda pomidor, bodring, 165 gektar yerda loviya, mosh kabi dukkakli oʻsimliklar, 12 gektarda soya va kungaboqar kabi moyli ekinlar, qolaversa, 800 gektardan oshiq yerda boshqa turdagi ozuqabop mahsulotlar agrotexnik talablar asosida ekib yetishtirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati