Vobkent: bank imtiyozli sarmoyasiga olingan 12 bosh qoʻy bugun 50 boshga yetkazildi...
2025-02-22 12:15:00 / Yangiliklar

"Yetti xazina"ning biri hisoblangani chorvachilikni olsak, kosariliklar orasida mol boqib, roʻzgʻor kam-koʻstini qoplayotgan, shu mehnati ortidan orzu-havasini koʻrayotgan oilalar ham kam emas. Oʻtkir Gʻafforov ham soʻnggi yillarda oilasi bilan bor kuch va imkoniyatini qoʻy boqishga safarbar etib, kam boʻlmayapti. Uy xoʻjaligida parvarishlanayotgan nasldor hisori qoʻy zoti ayni kunda 50 boshga yetkazilibdi.
Xonadon ahlining aynan “qozoqi” hisori qoʻyiga qiziqib qolishgani sababi bor, albatta. Bu zotdor qoʻy mahsuldorlik koʻrsatkichlari yuqoriligi bilan ajralib turadi. Jumladan, 6-7 oyda qoʻzilarining vazni 30 kilogramgacha, bir yoshda 40, katta qoʻchqorlari esa 50-60 kilogramgacha “tosh” bosadi. Boqilgan katta sovliq qoʻyning tirik vazni 100 kilogramga, boʻrdoqiga boqilsa, qoʻchqori 150 kilogram va hatto, undan oshiqroq vaznga ega boʻladigan bu “qozoqi” qoʻylarini boqish ayni kunda boshqa mahallalarda ham ommalashmoqda.
Oʻtkir Gʻafforov koʻp yil jaydari qoʻy boqqan mirishkor sifatida bugun “son emas, sifat” tarafdoriga aylangan. "Qozoqi" qoʻylari hozirda bu qoʻy zotidan kelib chiqib, boʻrdoqichilikda bir bosh qoʻyning sof ogʻirligini 80 kilogramdan oshirishni maqsad qilgan.
—Avvallari ham qoʻylarimiz boʻlgan, ammo soni va sifati jihatidan bu qoʻylardan farq qilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasi asosida imtiyozli ravishda olgan 23 million soʻm kredit mablagʻi bizga juda qoʻl keldi,—deydi Oʻtkir Gʻafforov.— Boshida 12 bosh qoʻy olganmiz, hozirda bu qoʻylarimiz oʻzidan koʻpayib, 50 boshga yetdi. Umumiy hisobda 2 yilda daromadimiz 200 million soʻmdan ortmoqda. Aslida, qoʻy boqishning mashaqqatli tomoni yoʻq. Kasalliklarga bardoshli. Yil boshida tugʻilgan qoʻzilar bir yil deganda bolalaydi, ona qoʻylar esa har 6 oyda koʻpayadi. Hozirda 50 boshdan ortiq sovliq qoʻyimizdan 15 boshi qoʻziladi. "Qozoqi" qoʻylari orasida zotdorlari hatto 3 tagacha qoʻzilashini tajribamizda koʻrdik. Bu esa 1 bosh qoʻydan oʻrtacha hisobda 5 million soʻm daromad koʻrish mumkin degani.
Shuningdek, Gʻafforovlar uy xoʻjaligida "golshteyn" zotdor qoramolu sigirlari ham boqib parvarishlanmoqda. Muhimi, xonadon dasturxonidan sut, qatiq, sariyogʻ arimaydi. Bu ishni rivojlantirish uchun xoʻjalik texnikalariga, chorva ozuqasi uchun ekin yeriga ham ega, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati