Vobkent: 15-sonli umumtaʼlim maktabi yarim gektarli tomorqasi — yordamchi xoʻjaligiga ega
2025-02-21 21:20:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib 400 nafardan ziyod oʻquvchini oʻz bagʻriga olgan maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari nainki zamonaviy usulda jihozlangan fan kabinetlari, oʻquv-laboratoriya va sinfxonalari bilan faxrlanadi, balki koʻrganda koʻzni quvontiradigan maktab bogʻini ham zavq bilan tilga oladilar.
Maktabning yordamchi xoʻjaligiga aylangan tomorqasi bogʻi bilan qoʻshganda, yarim gektarga yetadi. Shundan yarmidan koʻproq qismida har yili sabzavot-poliz mahsulotlar yetishtirish odat tusiga kirgan. Shuningdek, Hozirda moʻjaz 4 sotix yer maydonida sarimsoqpiyoz, bulgʻor qalampiri ekib yetishtirilsa, yana 4 sotix yerida anorzor bogʻ tashkil etilgan. Bir tomonda esa, 12 sotix yer maydonida tokzor barpo qilingan boʻlib, unda har yili xushxoʻr uzumning bir necha xilidan yetishtirib kelinadi.
Xuddi shunday, maktab atrofidagi yerda oʻrik, olma, gilos, shaftoli, behi, qaroli kabi mevali daraxtlardan ham har yili pishiqchilik mavsumida shiraga toʻlgan hosil olinayotgani maktab va oʻquvchilar manfaatiga xizmat qilmoqda. Shu kunlarda maktab tomorqachi mirishkorlari, yaʼni oʻnga yaqin farrosh va xizmatchilar, ularga koʻmaklashayotgan oʻqituvchi va oʻquvchilar qoʻli bilan ekin yerining har qarichini boʻsh qoldirmasdan, obdon yer tayyorlab, pushta olib, 3 sotix maydonda kartoshka yetishtirishga kirishdilar.
— Jamoamiz nafaqat taʼlimda, balki obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlarida ham faolligidan xursandmiz,—deydi maktab direktori Shodibek Asrorov.—Tomorqa yerimizdan oladigan xirmonimiz bilan shu maskanda mehnat qilayotgan kam daromadli xizmatchilarimizni qoʻllab-quvvatlab, ularning roʻzgʻorlariga shu orqali moddiy yordam koʻrsatilmoqda. Masalan, shu birgina issiqxonada ekilgan kartoshka joʻyaklaridan 700 kilogramga yetkazib hosil olib, moʻmay daromadga erishish maqsad qilingan.
Taʼlim maskani hovlisidagi 40 tupdan ziyod oʻrik, gilos, shaftoli, olma daraxtlari, uzumzor tokzor, shuningdek, yapon paulinasi, hind sireni, kashtan kabi manzarali daraxtlar, turli xil gul koʻchatlari oʻziga xos ekomuhitni hosil qilgan. Ayni qish mavsumida maktab hovlisidagi 5 sotix yer maydoniga 50 tupdan ortiq serhosil oʻrik daraxti koʻchatlari oʻtqazilib, parvarishlanayotgani ham maqsadga muvofiqdir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati