Jondor tumani “Varaxsha” choʻli massivida 10 ming gektar yer maydoni oʻzlashtirilmoqda
2025-02-20 21:25:00 / Yangiliklar

Buning uchun Jondor tumani hududidagi “Varaxsha” choʻli massivida foydalanilmasdan yotgan qarovsiz yer maydoni tanlangan. Bu borada Xitoy Xalq Respublikasi investorlari bilan olib borilgan muzokaralarga muvofiq, belgilangan choʻl yovvoyi landshaftini toʻliq oʻzlashtirish va obodonlashtirish loyihasini ikki bosqichda roʻyobga chiqarish maqsad qilingan.
Hozirda mazkur agroloyiha umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga moliyalashtirilgan boʻlib, bunda viloyatimizda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “XIN NONG INVEST” Oʻzbekiston—Xitoy qoʻshma korxonasi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Oʻz navbatida, Xitoy sarmoyadorlari yangidan oʻzlashtirilayotgan 10 ming gektar yer maydonida mahalliy iqlim sharoitiga mos, keyingi yillarda Olot, Qorakoʻl va boshqa tumanlarda xorijiy mutaxassislar tavsiyalari asosida tajriba-sinov tariqasida ekilayotgan Xitoy chigitini qadab, undan yuqori sifatli paxta tolasini yetishtirib, yengil sanoat tarmogʻida mahsulotni chuqur qayta ishlash tashabbusini bildirishmoqda.
Loyihaning dastlabki bosqichida yalpi oʻzlashtiriladigan yer maydonini toʻliq ochib, toʻliq konturlarni hosil qilish, hududda irrigatsiya tarmogʻi va zarur infratuzilmani yaratib, ekish ishlarini jadal boshlash, agrotexnik tadbirlarni ilmiy-innovatsion uslubda olib borish belgilangan. Ikkinchi bosqichda esa yetishtiriladigan xom ashyoni toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga chuqur qayta ishlash, paxta yigiruv zavodini qurib ishga tushirish koʻzda tutilmoqda. Aynan ikkinchi bosqich amaliyoti uchun qiymati 5 million AQSH dollari ajratish, bu bilan korxonada qoʻshimcha 200 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Loyihaning ahamiyati, toʻqimachilik uchun zarur paxta xomashyosini yetishtirish boʻyicha yangi yer maydonini oʻzlashtirish, korxona tomonidan xorijiy bozorda talab yuqori boʻlgan ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy, innovatsion, energiya tejovchi texnologiyalarini joriy etib, zarur shart-sharoitni yaratish, qolaversa, ishlab chiqarish korxonalari samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zamin hozirlash. Shu nuqtayi nazardan, ayni kecha-kunduzda choʻl massivida ellikka yaqin zamonaviy rusumdagi yuqori unumli texnika vositasi—“ZL 50 GN” rusumli skreperlar, lazerli tekislash agregatlari, buldozerlar yordamida 600 gektardan oshiq qoʻriq yer maydoni oʻzlashtirilib, yer ochish, tuproq ishlari davom ettirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati