Peshku: “Turkiston” MFY dan oʻtuvchi avtomobil yoʻli taʼmirlanmoqda
2025-02-20 16:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunda chekka tumanning ichki yoʻl tarmogʻi uzunligi 1 ming 60 kilometrdan oshiq boʻlsa, mahalliy aholidan tushayotgan murojaat va shikoyatlarni joyida oʻrgangan holda 2024-yilda tuman yoʻlsozlari jamoasi jonbozligi tufayli hududda tuproqli yoʻlning 100 kilometrdan oshiq qismi toʻliq shagʻallashtirilib, yilning ikkinchi davrida 15 kilometrga yaqin yoʻl asfaltlashtirilgan.
Bugunga kelib tuman Yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tasarrufida mahalliy ahamiyatdagi umumfoydalanuv avtomobil yoʻli uzunligi 306 kilometrga teng boʻlib, yakunlangan yilda umumiy qiymati 3,5 milliard soʻmlik joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, qariyb 2,5 milliard soʻmga teng saqlash ishlari bilan bir qatorda, yoʻlda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 550 metr piyodalar yoʻlagi barpo qilingan. Qolaversa, yuzdan ziyod eskirgan, yaroqsiz yoʻl belgisi yangisiga almashtirilgan.
Bundan tashqari, peshkoʻlik yoʻlsozlar jamoasi tuman hududidagi jami 86 ta koʻprik sozligiga ham bevosita masʼul. Shu bois, oʻtgan yilda taʼmirtalab holga kelgan 6 ta koʻprikda qiymati 3 milliard soʻm atrofidagi qayta qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, bu ishga tajribali yoʻlsozlar jamoalari pudratchi sifatida jalb qilingan.
Shu kunlarda yana bir pudratchi korxona ,,NEW TECH SAMARQANDʼʼMCHJ tomonidan tumanning “Turkiston” MFY dan oʻtuvchi “4H-191”, “4H-189”, “4H-165”, “4H-190” rusumli avtomobil yoʻllarining umumiy 15,5 ming metr qismini taʼmirlab, sement-beton qoplamasi yotqizish jarayoni jadal boshlangan. Bu loyiha bilan birga, hududdagi taʼmirtalab va qayta quriladigan 10 ta koʻprikni talab darajasiga keltirish hamda 12 ta suv oʻtkazish quvurini almashtirish ham yoʻlsoz mutaxassislar zimmasiga yuklangan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati