Qorovulbozor: “Tinchlik” MFY da Halim Ibragimov xonadonida qoʻziqorin yetishtirmoqda
2025-02-20 10:25:00 / Yangiliklar

Tuman markazida, aynan shu mahalladagi 52 ta koʻp qavatli uydan 22 tasining fasad qismi va tomini taʼmirlash, dahliz va yoʻlaklarini betonlashtirish kabi ishlarga 550 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, koʻp qavatli uylar oldida 6 ta bolalar oʻyin maydonchasini qurish va jihozlashga qariyb 300 million soʻm, xudddi shunday, 270 ta tungi yoritish chiroqlari bilan taʼminlashga 68 million soʻm sarmoya oʻzlashtirilgan.
Tuman markazidagi mahallada 52 ta koʻp qavatli uydan tashqari, mavjud hovlilarda yashayotgan aholi tomorqa yeri 13 gektarga boradi. Shu bois, ularda ertangi sabzavot mahsulotlarini ekishga yaqindan koʻmaklashilmoqda. Shundan, nochor va ehtiyojmand oilalarning har biriga 1 sotixdan ekin yeri tayyorlanib, “duga”li sim tortib, plyonka ostida kartoshka va sabzi ekib berilibdi. Bu tadbir mahalla boʻylab davom etayotgani, qolaversa, mahalla guzari, koʻcha va xonadonlarga 1 ming tup mevali, yana shuncha manzarali daraxt nihollari oʻtqazilib, parvarishlanayotgani barchani obodonchilikka undamoqda.
Mahallada isteʼmol uchun yaroqli boʻlgan qoʻziqorin yetishtirishga ham qiziqish oshmoqda. Jumladan, Halim Ibragimov uy sharoitida qoʻziqorin yetishtirish tajribasini puxta oʻzlashtirib, ayni kunda turmush oʻrtogʻi Kumush Yarashova bilan birgalikda buni amalda sinab tajriba toʻplamoqda.
Asosiysi, kam xarajat, ortiqcha mehnat talab qilmaydigan qoʻziqorin hosili daromadbop boʻlib, yil davomida shugʻullanish mumkin. Xonadonda qopchalarga solib tayyorlangan chigit qipigʻiga urugʻ sepib yetishtirilayotgan qoʻziqorin hosili hademay pishib yetiladi. Uning bozordagi narxi ham daromadbop, aniqrogʻi, shu kunlarda bir kilogramm mahsulot narxi 30 ming soʻm atrofida.
Ahamiyatlisi, Ibragimovlardan andoza olib, mahallada qoʻni-qoʻshni xoʻjaliklarda ham qoʻziqorin yetishtirishga xayrixohlik kuchaymoqda. Bu esa oilalar uchun qoʻshimcha daromad, albatta. Xususan, shu koʻchada yashovchi Saʼdulla Ergashev xonadonida ham qoʻshnidan koʻrib qoʻziqorin yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati